Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Rubio: AQSH va Yevropa G‘arb sivilizatsiyasini himoya qilish uchun birlashishi kerak
16:37 / 2026-02-16

AQSH Davlat kotibi Marko Rubio Myunxen xavfsizlik konferensiyasida nutq so‘zladi.

– AQSH va Yevropa G‘arb sivilizatsiyasini himoya qilish, global xatarni yengish uchun birga ishlashda davom etishi kerak, – dedi u. – G‘arb va Sharq o‘rtasidagi hamkorlik eyforiyasi xavfli xayollarni yuzaga chiqardi va endi haqiqatga duch keldi. Biz xalqaro huquq va tinchlik hukm suradi, deb o‘ylab, insoniyat tarixini e’tiborsiz qoldirdik. Bu xato edi.

Rubio Amerika ko‘hna qit’a bilan ishlashga tayyorligi, faqat lozim bo‘lganda mustaqil ravishda harakat qilishi mumkinligini ta’kidladi.

– Biz yolg‘iz harakatlana olamiz, lekin Yevropadagi do‘stlarimiz bilan birga odimlashni afzal ko‘ramiz, dedi mulozim. – AQSH va Yevropa taqdiri doimo bog‘liq, biz bu umumiy meros bilan faxrlanamiz.

Rubioning fikricha, Yevropa barqarorligi va madaniyatiga tahdid soladigan ommaviy migratsiya to‘lqiniga e’tibor qaratishi kerak: Chegarasiz dunyoga intilib, migratsiyaga eshik ochdik. Natijada jamiyatlarimiz beqarorlashdi.

Shuningdek, u  BMT faoliyatini tanqid qilib, tashkilot G‘azo va Ukrainadagi urushni hal qila olmagani, buning uchun Amerika rahbariyati zarur bo‘lganini ta’kidladi.

Yangi mojarolar yuzaga kelishi mumkinligidan ogohlantirarkan, Davlat kotibi NATOni kuchaytirish muhimligiga urg‘u berdi: NATO parchalanishini emas, kuchliroq bo‘lishini istaymiz.

Rubio Rossiyaning Ukraina bilan urushni tugatish niyatiga shubha bildirdi va AQSH sa’y-harakatiga qaramay, mojaroni hal qilish uchun “eng qiyin masala saqlanib qolgani”ni ta’kidladi. Nutqini yakunlarkan, har ikki tomon uchun kuchli sheriklikni saqlab qolish, iqtisodiy va texnologik jihatdan rivojlanish, jumladan sun’iy intellekt sohasida ishlashni davom ettirish muhimligini bildirdi.

– O‘zimizni ixotalashni xohlamaymiz, ammo xalqaro institutlarni isloh qilish kerak, – dedi u.

Rubio Rossiya – Ukraina urushiga alohida to‘xtalib, Moskva maqsadiga erisha olmasligiga urg‘u berdi. Uning ta’kidlashicha, “RF Donetsk viloyatining 20 foizini egallashga harakat qilyapti”, biroq shuncha urinishga qaramay, hududni nazorat qila olmayapti.

Mulozim Rossiya urushda g‘alaba qozonmayotganini ta’kidlab, hozirgi vaziyatda nizo kimning foydasiga hal bo‘lishini aniq aytish qiyinligini qo‘shimcha qildi.

AQSH Davlat kotibi Eron masalasiga ham izoh berib o‘tdi. Xususan, “Bloomberg” nashriga bergan intervyusida Prezident Donald Tramp Tehronning yadroviy dasturi atrofidagi inqirozni hal etish uchun Oliy Rahbar Humonaiy bilan uchrashishga tayyorligini bildirdi:

– Ishonchim komilki, Oyatulloh uchrashish niyatini bildirsa, Prezident rozi bo‘ladi. Faqat Humonaiy rozi bo‘lgani uchun emas, balki bunday uchrashuv global muammoni bartaraf qilishning bir usuli, deb hisoblagani uchun.

S.Rahimov, O‘zA