Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ro‘zg‘orimizga baraka indi
19:47 / 2023-08-11

Davlat rahbari tashabbusi bilan aholining kam daromadli qismiga ya’ni “Yoshlar daftari”, “Ayollar daftari” va “Temir daftar”ga kiritilgan ishsiz fuqarolarga ijara huquqi asosida 30 sotixdan 1 gektargacha yer maydonlari berilayotgani ularning qo‘shimcha moddiy daromad ishlab topishi uchun zamin yaratmoqda.

To‘g‘ri, ushbu yerlarga egalik qilib boshqa maqsadlarda foydalanayotgan yoki e’tiborsiz qoldirayotgan fuqarolar ham bor. Ammo berilgan imkoniyatdan unumli foydalanib, yerga mehr berib, mehnat qilib oilaviy byudjetiga mo‘maygina daromad kiritayotganlar ham talaygina.  

Masalan, o‘tgan yili Qamashi tumanidagi Berdoli mahallasida ehtiyojmand oilalarga jami 27 gektar yer maydoni dehqon xo‘jaliklari tashkil etib foydalanish uchun ajratilgan edi. Shundan 64 oila 30 sotixdan, 13 ta oila esa 50 sotixdan yer maydonini ijara huquqi asosida olib, dehqonchilik ishlarini boshlab yubordi.  

Ta’kidlash joiz ushbu fuqarolar yer maydonlariga ega bo‘lgach, ijtimoiy himoyaga muhtojligini anglatuvchi tegishli daftarlardan chiqarilib, bandligi ta’minlanganligi qayd etilgan. Xo‘sh, aslida ham ular shu yerdan  o‘z oilalari ehtiyoji uchun yetarli daromad topa olyaptimi? Bu savol bilan ularning o‘zlariga murojaat etdik.  

[gallery-13093]

– Qanchadan buyon tirikchilik tashvishi bilan xorijga ishlashga borib kelardim, – deydi dehqon xo‘jaligi egalaridan biri Ruslan Meyliyev. – O‘tgan yili qishloqda ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar uchun yer berilishini eshitib, mahallaga murojaat etdim. Barcha tegishli hujjatlarni rasmiylashtirgach, 30 yillik ijara huquqi asosida 30 sotix yer oldim. O‘tgan yili bu yerga pomidor va bulg‘or qalampiri ekkandim, yaxshi daromad oldim. Shu bilan bir qatorda, dehqonchilik ishida biroz tajriba to‘plashga muvaffaq bo‘ldim. Bu yil ham 30 sotix yerdagi pomidordan kamida 20 tonna hosilni reja qilib turibman. Shu bilan birga, bu yil hududdagi fermer xo‘jaliklaridan 2 gektardan oshiq g‘alladan bo‘shagan joyni ijaraga olib, tarvuz va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari ekdim. Endi o‘ylab qarasam, o‘z qishlog‘imdan, farzandlarim yonida yurib ham xorijda topganimdan bir necha barobar ko‘proq daromad topsam bo‘larkan.  

Shu qishloqlik Lobar Odilova esa o‘tgan yili ishga muhtoj fuqaro sifatida “Ayollar daftari”ga ro‘yxatda bo‘lgani, 30 sotix yer berilgach esa, turmush o‘rtog‘i ikkalasi shu yerda mehnat qilib yangi mashina olganini bildirdi.  

– O‘tgan yili bir marta pomidor va bir marta tariq ekib olishga ulgurdik, – deydi u. – Bu yil ham erta bahordan tariq ekib, maysa holida o‘rib olib sotdik. Bu yerni almashlab ekishni tashkil qilish uchun zarur edi. Olgan daromadlarimizga biroz qo‘shib, yangi mashina olishga erishdik. Hozir yana pomidor ekkanmiz. 30 sotix yerdan kamida 20 tonnadan oshiq hosil kutyapmiz. Ro‘zg‘orimiz ana shu yerning ortidan obod bo‘lyapti.

Darhaqiqat, qalovini topsang qor ham yonadi, deganlaridek harakat qilgan, mehnat qilgan daromad ham topyapti, turmush farovonligini yaxshilayapti. Berdolilik dehqonlar faoliyati bunga misol.  

O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat) O‘zA.