BMT Bosh kotibining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Roza Otunbayeva kuni kecha ushbu mamlakatdagi vaziyat bo‘yicha BMT Xavfsizlik kengashiga ma’ruza taqdim etdi, deyiladi tashkilot saytida berilgan xabarda.
Ma’lumotlarni maxsus vakil BMTning favqulodda yordamlarini muvofiqlashtiruvchisi Martin Griffits bilan birgalikda topshirgan. Otunbayeva ushbu lavozimga tayinlangandan keyingi o‘tgan uch oy davomida Afg‘onistonda bo‘lgan. U safari chog‘ida mamlakatning ko‘plab hududlarida bo‘ldi va mahalliy aholi hayoti bilan yaqindan tanishdi, deyiladi xabarda.
«Butunlay qashshoqlikda va kelajagi mavhumlikda yashayotgan odamlar qanchalik achinarli ahvolda ekaniga guvoh bo‘ldim», – deydi Otunbayeva BMT Xavfsizlik kengashi a’zolari bilan suhbatda.
Uning ta’kidlashicha, “Tolibon” harakati bugungi kunda butun mamlakatni nazorat qilmoqda, lekin Afg‘onistonda faoliyat yuritayotgan terrorchi guruhlarni butunlay yo‘q qila olmaydi. BMT Bosh kotibi maxsus vakilining aytishicha, mamlakat ichida muxolifatning ovozi umuman eshitilmaydi, toliblar esa muloqot qilish zarurligini tan olgisi kelmaydi.
«BMT missiyasining uqtirishicha, afg‘on jamiyatining barcha qatlami hukumatda o‘z vakiliga ega bo‘lishi kerak, jumladan, ayollar va ozchilikning ham. Bugun unday bo‘lmayotgani ko‘rinib turibdi. Bundan tashqari, shundog‘am moliyaviy imkoniyatsizlikdan karaxt holga kelayotgan matbuot va fuqarolik jamiyatlari hamon mamlakatdagi xavfsizlik institutlari tomonidan qo‘rqitilmoqda», — deydi Otunbayeva.
U Afg‘oniston aholisi duch kelayotgan qo‘shimcha taqiqlarga ham to‘xtalgan. Masalan, uning aytishicha, to‘qqizinchi noyabrdan boshlab xotin-qizlar parklarga, hammom va boshqa jamoatchilik to‘planadigan joylarga bora olmayapti. Qizlar maktabga qatnay olmaydi va yana ikki yildan keyin Afg‘onistonda oliy o‘quv yurtlariga kiradigan qizlar bo‘lmaydi.
«Ushbu qarorlar afg‘onistonliklar orasida turlicha munosabatlarni keltirib chiqarmoqda va, hatto, “Tolibon” rahbariyati ichida ham bunday tartiblar o‘rnatilishidan norozilar bor. Toliblar o‘rnatayotgan tartiblarni butun islom olami tanqid qilmoqda. Bunday harakatlar “Toliblar”ning xalqaro hamjamiyat bilan munosabatlarini ham buzmoqda. Lekin taqiqlar baribir bekor qilinmayapti», – deya ta’kidlagan ma’ruzachi.
Noyabr oyida afg‘on jamoatchiligi uchun yana bir qadam ortga qaytish bo‘ldi. Gap shundaki, “Tolibon” islom diniy qonunchiligi – shariatda ko‘rsatilgan qatl qilish, kaltaklash jazolarini qo‘llashga ruxsat berdi. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, toliblar avval ham shunday choralarni qo‘llar edi, lekin endi qatl qilish va kaltaklash jazolari borgan sari ko‘paymoqda va odamlar uchun oshkora tomoshaga aylanmoqda.
«Biz “Tolibonni” kaltaklash bilan bog‘liq jazo turlarini qo‘llamasdan diniy qonunchilikni qo‘llashga chaqirdik, zero, dunyodagi ko‘plab islom mamlakatlarida shunday qilingan», – deydi Otunbayeva. Lekin toliblar quloq solmayapti.
Maxsus vakilning ta’kidlashicha, ko‘plab masalalarda boshqa-boshqa pozitsiyalarda bo‘lishiga qaramay, BMT afg‘on xalqining kelajagini o‘ylab, Afg‘on hukumati bilan muloqotni davom ettiradi.