Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ro‘yxatga olish: mahallalar oldidagi muhim vazifa
16:25 / 2026-01-07

Joriy “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish” yilida o‘tkazilishi rejalashtirilgan aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish jarayoniga tayyorgarlik ishlari Jizzax viloyatining Baxmal tumanida ham izchil tarzda olib borilmoqda.

Shu maqsadda tumanda mahalla yettiligi xodimlari ishtirokida yig‘ilish tashkil etildi.

Unda 2026 yil 15 yanvardan 28 fevralga qadar o‘tkaziladigan aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbiriga tayyorgarlik holati, uni samarali va belgilangan talablar asosida amalga oshirish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Yig‘ilishda mazkur jarayonda mahalla tizimining o‘rni va mas’uliyati alohida ta’kidlandi.

Tadbirning asosiy maqsadi mahalla yettiligi xodimlarini ro‘yxatga olish jarayoniga puxta tayyorlash, ularga ro‘yxatga olish tartibi, qonunchilikda belgilangan talablar va amaliy jihatlar bo‘yicha atroflicha tushuntirishlar berishdan iborat bo‘ldi. Shuningdek, har bir xodimning aniq vazifalari belgilab olindi.

Yig‘ilish davomida ro‘yxatga olish ishlari shaffoflik, xolislik va aniqlik tamoyillari asosida, belgilangan muddatlarda tashkil etilishi shartligi qayd etildi. Aholini to‘liq qamrab olish, ma’lumotlarni to‘g‘ri va ishonchli yig‘ish mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini rejalashtirishda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.

Mas’ullarga aholi bilan tushuntirish ishlarini kuchaytirish, fuqarolarning faol ishtirokini ta’minlash hamda ro‘yxatga olish jarayonida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolarni o‘z vaqtida bartaraf etish bo‘yicha aniq amaliy ko‘rsatmalar berildi.

Qayd etilishicha, aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish – davlat boshqaruvi, ijtimoiy soha va iqtisodiyot uchun muhim statistik asos bo‘lib, uning samarali o‘tkazilishi, avvalo, mahallalardagi tizimli va mas’uliyatli ishlar va munosabatlarga bog‘liq.

Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri