15 yanvardan O‘zbekistonda aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olishning birinchi bosqichi rasman start oldi. Bu tadbir mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan keng qamrovli statistik tadbir sifatida amalga oshirilmoqda.
Respublikamizda ro‘yxatga olish ishlarini yuqori saviyada tashkil etish va samarali amalga oshirish maqsadida barcha hududlarda izchil ishlar olib borilayotir. Shuningdek, har bir tumanga mas’ul xodimlar biriktirilgan.
Xususan, Taxiatosh tumaniga O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qo‘mondoni o‘rinbosari Sarvar Mamayusupov mas’ul xodim sifatida biriktirildi. U tumanga tashrif buyurib, aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbirlarini o‘tkazish uchun tashkil etilgan tuman shtabi bilan yaqindan tanishdi.
Sayyor uchrashuvlar davomida Taxiatosh issiqlik elektr stansiyasi, “O‘zbekneftgaz” AJ korxonalari hamda 4 ta umumta’lim maktablarida joylashtirilgan ro‘yxatga olish shtablari faoliyati ko‘zdan kechirildi. Shuningdek, shtab a’zolarining ish sharoitlari, texnik ta’minoti va tashkiliy masalalar atroflicha muhokama qilindi.
Mas’ul xodim tomonidan ro‘yxatga olish ishlarini samarali, tizimli va o‘z vaqtida tashkil etish, xodimlar faoliyatini muvofiqlashtirish hamda ehtimoliy muammolarning oldini olish bo‘yicha aniq topshiriqlar berildi.
Bu tadbir aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish jarayonini samarali tashkil etish, statistik ma’lumotlarni to‘liq va aniq to‘plash hamda respublikada ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga xizmat qiladi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/Xz-nGBbQyGg" title="Ro‘yxatga olish ishlari izchil amalga oshirilmoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>N.Rahmonova, U.To‘xtayev (montaj), O‘zA