Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ro‘yxatdan o‘tkazmasdan o‘zboshimchalik bilan qurilgan ob’ektlar foydalanishga qabul qilinmaydi
12:44 / 2024-01-16

AOKAda o‘tkazilgan brifingda Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi axborot xizmati rahbari Saidnosir Usmonovning qayd etishicha, endilikda ro‘yxatdan o‘tkazmasdan o‘zboshimchalik bilan qurilgan ob’ektlar foydalanishga qabul qilinmaydi.

Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 20 apreldagi qarori bilan qurilish sohasiga oid ma’muriy Reglamentlar tasdiqlangan. Mazkur Reglamentlarda qurilish ishlarini amalga oshirishda jismoniy va yuridik shaxslar arxitektura-rejalashtirish topshirig‘ini ishlab chiqish, loyiha-smeta hujjatlarini kelishish hamda qurilish-montaj ishlarini boshlashi uchun ob’ektni ro‘yxatdan o‘tkazishlari shartligi ko‘rsatib o‘tilgan.  

Biroq ayrim holatlarda shaharsozlik sub’ektlari ya’ni mulkdorlarning mazkur reglament talablarini bajarmasligi, o‘zboshimchalik bilan qurilishlar qilayotgan holatlari ham uchrab turibdi.  

Shu kabi masalalarni hal etish, qonunosti hujjatlaridagi bo‘shliqlarni to‘ldirish maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 23 noyabrdagi “Shaharsozlik faoliyatida ruxsat berish tartib-taomillarini takomillashtirishga qaratilgan O‘zbekiston Respublikasi hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek, ba’zilarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.  

Mazkur hujjatning ikkinchi bandida Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasiga 2024 yilning 1 apreldan hududiy inspeksiyalarda ro‘yxatdan o‘tmasdan qurilgan ob’ektlarni instrumental texnik tekshiruvdan o‘tkazib, foydalanishga ruxsat berish ishlarini to‘xtatish vazifasi yuklatilgan.  

– 2024 yilning 1 aprelidan e’tiboran hududiy Inspeksiyalardan ro‘yxatdan o‘tkazmasdan o‘zboshimchalik bilan qurilgan yoki qurilayotgan ob’ektlarni foydalanishga qabul qilishga ruxsatnoma berilmaydi, – dedi Saidnosir Usmonov. – Qurilish ishlarini amalga oshirish uchun loyiha hujjatlarini kelishishdan boshlab foydalanishga qabul qilishgacha bo‘lgan barcha jarayonlar raqamlashtirilgan.  Ya’ni, ushbu jarayonlarga oid barcha hujjatlar elektron formatda onlayn qabul qilinadi va ko‘rib chiqiladi. Shuningdek, ob’ektlarning qurilish-montaj ishlarini nazorat qilish hududiy Inspeksiyalar tomonidan maxsus elektron platforma orqali amalga oshiriladi.  

 

Shahnoza Mamaturopova,  

O‘zA