Mamlakatimizdagi bugungi siyosiy jarayonlar O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Matbuot markazida mahalliy va xorijiy jurnalistlar tomonidan keng yoritilmoqda.
Niderlandiyaning “Diplomat Magazine” jurnali muharriri Roy Liye Atjam O‘zbekistonda o‘tkazilayotgan saylov haqida O‘zA muxbiriga intervyu berdi.
— Ochig‘ini aytish kerak, yurtingizdagi ushbu saylovda ishtirok etayotganimdan xursandman. Men O‘zbekistonda ko‘p bor bo‘lganman va bu yerda tashkil etilgan xalqaro tadbirlarda ishtirok etganman.

Bu galgi saylov butunlay boshqacha ruhda o‘tmoqda. Saylovni demokratik tamoyillar asosida tashkil etish borasida qator ishlar amalga oshirilganini saylov uchastkalari bilan tanishish chog‘ida yanada aniqroq angladim. Saylov jarayonlari IT sohasi bilan uyg‘unlashgani, elektron ovoz berish tizimlari joriy etilgani va bu vazifalarning deyarli barchasi elektron usullar bilan amalga oshirilayotgani diqqatimni tortdi.
Shu o‘rinda aytish kerakki, bu saylovning o‘z yurtimdagi saylovlardan ancha farqi bor. Sizlarda jarayonlar elektron tizim orqali bajarilmoqda. Bizda esa saylovning ish tartibi to‘liq qog‘oz asosida olib boriladi.

Umuman olganda, Yangi O‘zbekiston rivojida bugungi siyosiy jarayonning ahamiyati beqiyos.
Nasiba Ziyodullayeva,
Rustam Nazarmatov (surat),
O‘zA