Sardoba tumani “Rovot” mahallasida Adliya boshqarmasi tashabbusi bilan sayyor qabul o‘tkazildi.
Sirdaryo viloyati Adliya boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Adham Shayjigitov dastlab “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida” gi qonun mazmun-mohiyatiga alohida to‘xtaldi.

Adliya mas’ullarning mahallaga tashrifi Buvayda Abduraimova, Zebo Nuraliyeva uchun ayni muddao bo‘ldi. Fuqarolar o‘z murojaatida subsidiya asosida tikuv mashinasi olishda amaliy yordam so‘radi. Ilhom Xoliqulovning murojaati marhum otasidan qolgan uy-joyni rasmiylashtirish mazmunida bo‘ldi. Gavharoy Ahmedova yangi qurilgan uy-joyining kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish masalasida murojaat qilgan bo‘lsa, Buvinar Turdibekova salomatligini tiklash uchun sanatoriyaga yo‘llanma olish bo‘yicha mas’ullarga yuzlandi.

Sayyor qabulda aholini qiynab kelayotgan masalalar atroflicha o‘rganildi, muammolarga huquqiy yechim izlandi. Jarayonda 2 nafar fuqaroga nogironlik aravachasi, ikki nafar fuqaroga hassa topshirildi.

Tadbirda fuqarolardan 46 ta murojaatlar kelib tushdi. Shundan 6 tasi joyida hal etildi, 24 ta murojaat yuzasidan zarur huquqiy tushuntirishlar berilib, o‘rganish muddat talab qiladigan 8 ta murojaatlar ish yurituvga qabul qilindi.

Sayyor qabulda aholiga sayyor davlat xizmatlari ko‘rsatildi. Shu kuni 2 nafar fuqaro yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tkazildi. Yuridik shaxslarga elektron raqamli imzo olish 14 ta, bolalarni davlat maktabgacha ta’lim muassasasiga joylashtirish uchun ariza berish va yo‘llanmalarini olish bo‘yicha 18 ta sayyor davlat xizmatlari ko‘rsatildi.
Sh.Suyarov, O‘zA