Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Rossiyaning Suriyadagi harbiy ishtiroki cheklanmoqda
16:38 / 2026-01-27

Rossiya Suriya shimoli-sharqida joylashgan Qamishli aeroporti orqali o‘zining ushbu arab davlatida joylashgan harbiy kuchlarini bosqichma-bosqich olib chiqa boshladi. Kreml 2019 yildan buyon qo‘shinini saqlab kelgan bu hudud Damashq hukumati kurd kuchlari nazoratidan qaytarib olishga urinayotgan murakkab mintaqa hisoblanadi.

So‘nggi haftalarda Prezident Ahmad Ash-Shara’ boshchiligidagi hukumat qo‘shinlari shimoliy va sharqiy hududlarda sezilarli ravishda oldinga siljib, kurdlar yetakchiligidagi Suriya demokratik kuchlari nazorat qilgan maydonlarni egalladi. Tomonlar o‘rtasidagi mo‘rt sulh shanba kuni yana 15 kunga uzaytirildi, ammo vaziyat hanuz beqaror.

"Reuters" yozishicha, RF harbiylari texnika va og‘ir qurollarini mamlakat g‘arbidagi Hmeymim aviabazasiga ko‘chirmoqda, ayrim bo‘linmalar Moskvaga qaytishi ham mumkin. Kreml bu xabarlarni hali izohlagani yo‘q.

Umuman, Rossiya Suriyadagi asosiy tayanchi — O‘rta yer dengizi bo‘yidagi harbiy-dengiz bazasi va Hmeymim aviabazasidan voz kechmoqchi emas. Ahmad Ash-Shara’ Moskvaga avval tuzilgan barcha kelishuvlar amalda qolishini aytgan. Demak, ushbu ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik hamkorlik ko‘lami qisqarayotgan bo‘lsa-da, butunlay tugamaydi.

Musulmon Ziyo, O‘zA