Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Rossiyaning Seuldagi elchisi TIVga chaqirtirildi
20:06 / 2024-06-21

Janubiy Koreya Tashqi ishlar vazirligi Rossiya Federatsiyasi va Shimoliy Koreya o‘rtasida keng qamrovli strategik sheriklik shartnomasi imzolangani munosabati bilan RF elchisi Georgiy Zinovevni mahkamaga chaqirtirdi. Bu haqda “Yonhap” agentligi mamlakat TIV bayonotiga asoslanib xabar berdi.

– Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Kim Xon Gyun elchiga Janubiy Koreyaning Moskva va Pxenyan o‘rtasida imzolangan “har tomonlama strategik sheriklik to‘g‘risidagi bitim” bo‘yicha pozitsiyasini yetkazdi, – deyilgan bayonotda.

“Assoshieyted Press” ma’lumotiga ko‘ra, mulozim diplomatga Seul nuqtai nazarida KXDRning harbiy salohiyatini oshirishga bevosita yoki bilvosita yordam beradigan har qanday hamkorlik BMT Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyalarini buzish ekanini aytgan.

Ma’lumki, Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning Shimoliy Koreyaga davlat tashrifi chog‘ida tomonlar keng qamrovli strategik sheriklik to‘g‘risidagi bitimni imzoladi. Muzokara payti RF rahbari “ittifoq” so‘zini ishlatmagan, biroq mazkur kelishuv orqali ishtirokchilardan biri hujum sodir bo‘lgan taqdirda o‘zaro yordam ko‘rsatishi nazarda tutilganini ta’kidlagan.

KXDR yetakchisi Kim Chen In esa hujjatni “pakt” deb atadi va ikki davlat o‘rtasidagi munosabat yangi farovonlik davriga kirayotganini qayd etdi.

– Agar tomonlardan biri boshqa mamlakat yoki davlat guruhi tomonidan qurolli hujumga uchrasa yoki urush holatiga tushib qolsa, ikkinchi tomon o‘z ixtiyorida bo‘lgan barcha vositalar bilan, qonunlarga muvofiq harbiy va boshqa yordam ko‘rsatadi, – deyilgan shartnoma matnida.