Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Rossiyaning muzlatilgan pullarini YeI nima qilmoqchi? (+video)
22:06 / 2025-10-24

Kecha Yevropa Ittifoqi rahbarlari Bryusseldagi sammitda Rossiyaning muzlatilgan aktivini Kiyevga o‘tkazish masalasida kelisha olmadilar. Shunga qaramasdan, ular Ukraina ehtiyojini 2027 yilgacha moliyalashtirishga tayyorliklarini tasdiqladilar. Bu haqda BBC yozgan.

“Reuters” muxbirlari tanishgan hujjatda YeI “2026-2027 yillarda Ukraina uchun zarur moliyaviy, jumladan harbiy va mudofaa bilan bog‘liq ehtiyoj qondirilishini ta’minlaydi” deb yozilgan.

Asosiy masala – RF Markaziy banki aktivini Kiyevga yo‘naltirish mavzusi yechimi esa ikki oyga kechiktirildi. Keyingi sammit 19 dekabrga belgilandi.

Nazarimizda, bu savol ijobiy javob topishi uchun ayrim huquqiy jihatlar izn bermayotgan ko‘rinadi. Yevropa qonunlariga ko‘ra, ruslar aktivi harbiy harakat to‘xtab, urush oqibatida yuzaga chiqqan zarar qoplanmaguncha, bu pullar aylanmasligi kerak. Belgiya esa aktivdan foydalanilgan taqdirda yuzaga keladigan xavf-xatarni faqat o‘z zimmasiga olmaslik uchun ko‘hna qit’aning boshqa davlatlaridan kafolat xohlayapti. Qaror 2 oy cho‘zilishining sababi shu.

Belgiya Bosh vaziri Bart de Vever taklifga qarshi chiqib, mazkur loyihani to‘xtatish uchun Yevropa darajasida ham, milliy, siyosiy va huquqiy jihatdan ham qo‘lidan keladigan sa’y-harakatni amalga oshirishini aytdi. Shuningdek, u YeI a’zolarini Rossiya tomonidan ehtimoliy ilgari suriladigan har qanday sud ishi uchun mas’uliyat his etish va yuzaga keladigan xarajatlarni bo‘lishishga chaqirdi. Ya’ni, mabodo vaqti kelib Yevropa bu pullarni Moskvaga qaytarishiga to‘g‘ri kelsa, javobgarlik barcha a’zo davlatlar orasida taqsimlanishi lozimligini talab qilgan.

<iframe width="640" height="480" src="https://www.youtube.com/embed/i9yVSpdippY?si=1uHEGIj3M16ObJnp" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Kenja Bekjonov, Anvarxo‘ja Ahmedov, O‘zA