Rossiya o‘tgan yil mamlakatlarga kredit berishni 1999 yildan buyon eng yuqori darajagacha oshirib, 28,86 milliard dollarga yetkazdi. Ayniqsa, Bangladesh va Misrning qarzi keskin oshgan. Belarus hamon RFdan asosiy qarzdor bo‘lib qolmoqda, deyiladi “RIA Novosti” Jahon banki ma’lumotiga tayanib tayyorlagan tahliliy maqolada.
Rossiyadan qarzdor mamlakatlar soni o‘tgan yil 37 taga yetdi. Ushbu mamlakatlarning Rossiya oldidagi qarzi jamlanganda, to‘qqiz foiz oshib, 28,9 milliard dollarga yetgani ma’lum bo‘ldi. Bu 1999 yildan buyon eng yuqori ko‘rsatkichdir. O‘shanda mazkur raqam 32,8 milliard dollarni tashkil etgan.
Tegishli ro‘yxatni Belarus boshqarmoqda. Garchi, bir yilda Belarusning qarzi 3 foiz qisqargan bo‘lsa-da, 8,2 milliard dollarlik miqdor boshqalarnikidan ancha ko‘p, deb yozgan maqola mualliflari.
Ikkinchi o‘rinda 5,9 milliard dollar bilan Bangladesh bormoqda, uchinchi o‘rindan Hindiston joy olgan. Ushbu davlatning Rossiya oldidagi qarzi 3,8 milliard dollar. To‘rtinchi o‘rinni 1,8 milliard dollar qarz bilan Misr, beshinchi o‘rinni 1,4 milliard dollar bilan Vetnam egallagan.