2025 yilning to‘qqiz oyida rossiyaliklar xorijiy brokerlar hisoblariga rekord darajada - 237 mlrd rubl o‘tkazgan.
Mutaxassislarning fikricha, investorlar shu yo‘l bilan sanksiyalardan qochishga harakat qilyapti. Bunday harakat 2022 yildan boshlangan bo‘lib, o‘sha yili o‘tkazmalar hajmi 183 mlrd rublni tashkil etgan.
Buni sanksiyalar joriy etilishi va investorlarning xorijiy bozorlarga kirish imkoniyatidan mahrum bo‘lishi bilan bog‘lashmoqda. Taqqoslash uchun raqamlarga e’tibor bering, masalan 2021 yilda jismoniy shaxslar xorijiy brokerlarga atigi 30 mlrd rubl o‘tkazgan bo‘lsa, 2023 yilda bu ko‘rsatkich 143 mlrd rublni tashkil etgan. 2024 yildagi kapital chiqimi 228 mlrd rublga yetgan. Faqatgina 2025 yilning to‘qqiz oyida xususiy investorlar xorijiy hisoblarga 237 mlrd rubl yo‘naltirgan. Bu so‘nggi yetti yil ichidagi eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bunday xatti-harakatlar sodir bo‘lishining bir nechta sabablari bor. Tahlilchilarning fikricha, ayrim investorlar barcha aktivlarni Rossiyada ushlab turish xavfli, do‘st bo‘lmagan davlatlarda saqlash esa yanada xavfli, degan xulosaga kelishgan. Shuning uchun, uchinchi, muqobil maydonni izlash kerak bo‘lib qolayapti. Shu bois Rossiyadan tashqarida kapital jalb qilayotgan markazlar shakllangan. Bu markazlar shunchaki tanlanmagan, balki rossiyaliklar uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri to‘siqlar xavfining yo‘qligi va mahalliy hamkorlar orqali global bozorlarga chiqish imkoniyatlarining ko‘pligi hisobga olingan.
Masalan, shunday markazlardan biri sifatida Birlashgan Arab Amirliklarini aytish mumkin. Birinchidan, Amirlikda Rossiya kapitali uchun zarur bo‘lgan, neytral maqom, mulk huquqlarining yuqori darajada himoya qilinishi, mahalliy litsenziyalar orqali jahon bozorlariga kirish imkoniyati borligi juda qulay imkoniyat hisoblanadi.
Bunday markazlar Turkiya, Singapur kabi boshqa davlatlarda ham shakllangan. Shu bilan birga, vaziyatni doimiy ravishda kuzatib borish talab etiladi, deydi tahlilchilar. Chunki, «do‘stona» davlatlar ham tekshiruvlarni bosqichma-bosqich kuchaytirmoqda. Ba’zan, xizmat ko‘rsatishdan bosh tortish, o‘tkazmalarni muzlatish va hujjatlarga qo‘yiladigan talablarni oshirish hollari kuzatilmoqda.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/vUK8U8q7MQc" title="Rossiyaliklarning puli qayerga ketyapti" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe> Kenja Bekjonov, Anvarxo‘ja Ahmedov (video), O‘zA