Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Rossiyalik investorlar hamkorligida yangi loyiha qurilmoqda
17:48 / 2025-12-03

Farg‘ona viloyati Quva tumanida rossiyalik investorlar bilan hamkorlikda umumiy qiymati 50 million dollar bo‘lgan yirik loyihaning qurilish ishlari boshlandi.

Mazkur munosabat bilan tashkil etilgan tantanali tadbirda Toshkent shahrida Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligidan videokonferensiyaaloqa orqali Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov, Rossiya Federatsiyasining Omsk viloyati gubernatori Vitaliy Xotsenko, Quva tumanida investorlar, tuman hokimligi mas’ullari hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. 

Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov barchani katta loyiha boshlanayotgani bilan tabriklab, bugungi kunda Farg‘ona va Omsk viloyati o‘rtasidagi hamkorlik jadal rivojlanib borayotganini qayd etdi. O‘tgan yilda viloyat delegatsiyasining Omsk viloyatiga tashrifi va o‘zaro muloqotlar davomida ko‘plab kelishuvlarga erishilgani, mazkur boshlanayotgan loyiha ham buning samarasi ekanligini bildirib o‘tdi. 

– O‘ylaymanki, bu agrologistika markazi nafaqat Quva uchun ishlaydi, balki Farg‘ona viloyati, Farg‘ona vodiysi uchun xizmat qiladigan katta markazga aylanadi va dehqonlarimiz yetishtirgan barcha meva-sabzavot mahsulotlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri Rossiya bozorlariga va boshqa bozorlarga yetkazib berish uchun juda katta imkoniyat beradi, – dedi viloyat hokimi. 

Quva tumanida “Energy-land” MCHJ tomonidan mevani qayta ishlash va agrologistika markazi 15 gektar maydonda barpo etiladi. Yiliga 20 ming tonna quvvatga ega mevali-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash sexi, umumiy sig‘imi 30 ming tonnani tashkil etuvchi sovitkich omborlari, mehmonxona va boshqa ob’ektlar quriladi. Bu yerda 500 ta ish o‘rni yaratiladi, yiliga 100 million dollarlik qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti yo‘lga qo‘yiladi. 

Omsk viloyati gubernatori Vitaliy Xotsenko O‘zbekiston-Rossiya strategik hamkor ekanligini, hududlararo aloqalar mustahkamlanib borayotganligini ta’kidladi. Farg‘onaning sarxil meva-sabzavotlari, to‘qimachilik mahsulotlari Rossiya bozorida xaridorligini bildirib, yangi markazning qurilishi bu ehtiyojlarni qondirishga xizmat qilishiga ishonch bildirdi. 

Tadbir doirasida Xayrullo Bozorov va Vitaliy Xotsenko onlayn tarzda loyihaning boshlanishiga rasman start berib, mevani qayta ishlash hamda agrologistika markaziga tamal toshi qo‘yildi. 

M.Sulaymonov, O‘zA