Shu munosabat ayni kunlarda Toshkentda bir qator amaliy va nazariy tadbirlar o‘tkazildi.
“Rossotrudnichestvo”ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi axborot xizmatiga ko‘ra, joriy yilning 8 sentyabr kunidan “Saxovat missiyasi” dasturi doirasida Rossiya temir yo‘llari tibbiyot tizimiga (“RJD-Meditsina”) qarashli klinikalarning sakkiz nafar shifokori mamlakatimizda bo‘lib turibdi.

Ta’kidlash kerakki, bu dastur 2021 yildan buyon “Rossotrudnichestvo” va “Dobro.RF” assotsiatsiyasi hamkorligida amalga oshirib kelinmoqda. Tashabbus bo‘yicha hozirga qadar 20 dan ziyod davlatda 43 ta missiya tashkil etilgan bo‘lib, 15 mingdan ortiq xorijlik bemorlarga tibbiy va ijtimoiy yordam ko‘rsatilgan. 2024 yilda ushbu tarmoq shifokorlari O‘zbekiston va Turkmanistondagi missiyalarda ishtirok etgan.
Bu galgi tashrifning asosiy maqsadi O‘zbekiston tibbiyot muassasalari imkoniyatlarini kuchaytirish, aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish va qator yo‘nalishlarda (kardiologiya, urologiya, neyroonkologiya, travmatologiya, laparoskopik jarrohlik, neonatologiya va akusher-ginekologiya) amaliyotchi mutaxassislar yetishmasligi muammosini bartaraf etishga ko‘maklashishdan iborat.

Toshkentda rossiyalik shifokorlar to‘qqizta yirik tibbiyot muassasasida faoliyat olib bordi. Missiya doirasida 10 ta jarrohlik amaliyoti bajarildi, 16 ta ma’ruza va klinik holatlar muhokamasi tashkil etildi, 50 dan ziyod bemor ko‘rikdan o‘tkazildi.
Akademik Yo.H.To‘raqulov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida o‘tkazilgan klinik konferensiyada asosiy e’tibor akusherlik va ginekologiya sohasiga qaratildi.
– Missiyaning asosiy yoʻnalishlaridan biri akusherlik va ginekologiya hisoblanadi. Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Toshkent shahar filiali hamda Toshkent shahar 6-sonli tugʻruq kompleksi hamkorligida yuqori texnologiyali ginekologik operatsiyalar oʻtkazildi. Bemor ayollar koʻrigi tashkil etildi va tibbiy yordam koʻrsatish borasida tajriba almashildi. Shunday katta yuklamalarga qaramasdan, Oʻzbekiston shifokorlari oʻz vazifalarini muvaffaqiyatli bajarib, ayollar sogʻligʻi uchun malakali yordam koʻrsatmoqda. Shu bilan birga, ularning yangi bilimlar olishga va ularni amaliyotga joriy etishga intilishlarini alohida qayd lozim, – dedi tibbiyot fanlari nomzodi, akusher-ginekolog Elmira Nurmuxametova.

Shuningdek, bugun kuni “Rossotrudnichestvo”ning mamlakatimizdagi vakolatxonasida matbuot anjumani ham o‘tkazildi. Unda Toshkentda amalga oshirilgan ishlar yuzasidan hisobot taqdim etildi va Samarqanddagi rejalar e’lon qilindi. Delegatsiya Samarqand viloyatiga yo‘l oldi.
N. Ziyodullayeva, O‘zA