Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Rossiyalik akademikning kitobi o‘zbek tiliga tarjima qilindi (+video)
18:58 / 2025-05-19

Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universitetida Rossiya Fanlar akademiyasi a’zosi, strategik boshqaruv bo‘yicha yetakchi olim, professor Vladimir Kvintning o‘zbek tiliga tarjima qilingan “Iqtisodiy va moliyaviy strategiya” darsligi taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Ushbu nufuzli anjumanda bir qator yirik olimlar va mutaxassislar ishtirok etdi. 

Tadbirda O‘zbekiston Qahramoni, senator Quvondiq Sanaqulov, Rossiya Fanlar akademiyasi a’zosi, professor V.Kvint va boshqalar so‘zga chiqib, Navoiy shahrida o‘tkazilayotgan anjumanning o‘zaro ilmiy integratsiyani kuchaytirishdagi rolini alohida ta’kidlagan holda darslikning iqtisodiy rivojlanish hamda strategik fikrlashni shakllantirishdagi o‘rni, amaliy ahamiyati haqida so‘z yuritdi.

[gallery-23434]

– Bu kitob boshqa mamlakatlar tiliga ham tarjima qilingan, O‘rta Osiyoda esa birinchi bor tarjima qilindi, – deydi Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti dotsenti Risolat Islomova. – Kitobdan faqat iqtisodchilar emas, balki boshqaruv sohasida ham ishlayotgan xodimlar ham foydalanishi mumkin. Boshqaruvchi muammolarni hal qilishda o‘zini tutishi, jismoniy harakati, aqliy rivojlanishi va insoniy fazilatlari haqida ko‘plab mulohazalar bitilgan. Bugungi kunda ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan oilalar, hududlar, muammolarni hal qilishdagi chora-tadbirlar o‘z strategiyasiga ega. Ya’ni ishlarning ketma-ketligi va bu bilan qanday natijaga erishish yo‘llari mavjud. Kitob ana shu kabi rejalarni tuzishga yordam beradi. Kitobdan iqtisodchilar ham, shu yo‘nalishda tahsil olayotgan magistrlar uchun ham foydalansa maqsadga muvofiq bo‘lardi. 

Tadbir doirasida Moskva davlat universiteti tomonidan tashkil etilgan tanlovda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan bir guruh Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti magistrlari hamda universitet qoshidagi akademik litsey o‘quvchilari – yosh strateglar taqdirlandi. 

– “Iqtisodiy va moliyaviy strategiya” kitobi muqaddimasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti yordamchisi Saida Mirziyoyeva, Moskva davlat universiteti rektori, akademik Viktor Sadovnichiy hamda texnika fanlari doktori, professor Quvondiq Sanaqulovning fikr-mulohazalari bilan chop etilgani asarning ahamiyatini benihoya yuqori ekanligini ko‘rsatadi, – deydi Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti rektori B.Mardonov. – “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida ham yosh mutaxassislarni tayyorlashda zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni o‘rgatish masalasi alohida belgilangan. Ushbu tashabbus ayni shunday dolzarb vazifalar ijrosi doirasida amalga oshirildi. Darslikda qayd etilganidek, har bir rahbar, xodim yoki talaba, yosh olim va amaliyotchiga strategik boshqaruv san’atini o‘rganish, uni amaliyotga joriy etish bugungi global davrda o‘ta muhim ahamiyatga ega. 

Mazkur taqdimot faqatgina yangi darslikni ommaga tanishtirish emas, balki iqtisodiy strategik tafakkurni chuqurlashtirish, xalqaro ilmiy aloqalarni mustahkamlash va yosh avlodga global darajadagi bilimlar eshigini ochish sari tashlangan muhim qadamlardan biridir. 

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/XRf5UhnySC0" title="Rossiyalik akademikning kitobi o‘zbek tiliga tarjima qilindi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Abduvali Bo‘riyev, Siroj Aslonov (surat), O‘zA muxbirlari