English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Rossiyaga tashrif doirasida tibbiyot sohasi bo‘yicha muhim kelishuvlarga erishildi
14:14 / 2023-10-07

Mamlakatimiz sog‘liqni saqlash vazirligi mutasaddilari Rossiyaning Qozon shahridagi M.N.Sadikov nomidagi 7-sonli shahar klinik shifoxonasi negizidagi davolash-reabilitatsiya markaziga tashrif buyurib, muassasa faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

1200 nafar xodim mehnat qilayotgan ushbu markaz so‘nggi rusumdagi zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlangan. Bu yerda markaziy asab tizimi buzilishi, somatik, suyak-bo‘g‘im kasalliklariga chalingan hamda COVID-19 ni boshdan kechirgan bemorlarni reabilitatsiya qilish kurslari o‘tkaziladi. Muassasada imkoniyati cheklangan bemorlarning harakatchanligini tiklashga qaratilgan o‘ziga xos “Aqlli palata” ham bor.

Markaz rahbariyati bilan bo‘lib o‘tgan muloqot davomida ana shunday zamonaviy reabilitatsiya markazini mamlakatimizda tashkil etish masalasi muhokama qilindi.

Tashrif doirasida sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov “Eydos” MCHJ vakillari bilan ham uchrashuv o‘tkazdi.

Ushbu korxona 30 turdan ziyod tibbiy stimulyator-trenajyorlar, robot texnologiyasi, yuqumli kasalliklarni aniqlashga mo‘ljallangan diagnostika tizimlarini ishlab chiqarish bo‘yicha Rossiyada yetakchilardan hisoblanadi.

Uchrashuvda “Eydos” MCHJ bilan Chirchiq texnoparki hududida tibbiy robot-simulyatorlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish loyihasini amalga oshirish yuzasidan shartnoma imzolandi. Ta’kidlash lozimki, ushbu korxonaning mahsulotlari boshqa xorijiy davlatlardagi muqobillaridan bir necha barobar arzon. 

Navbatdagi muzokaralar “Infarkt” yurak-qon tomir kasalliklari diagnostikasi, profilaktikasi va davolash fondi vakillari bilan bo‘lib o‘tdi.

Mazkur fond bilan “Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Qashqadaryo filialini modernizatsiya qilish” va “Qashqadaryo viloyati Kitob shahrida ko‘p tarmoqli tibbiyot markazini tashkil etish” loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha memorandumlar imzolandi.

Birinchi loyihaga ko‘ra, respublika kardiologiya markazining Qashqadaryo filiali negizida zamonaviy statsionar va mobil diagnostika markazi, yuqori texnologik endovaskulyar va ochiq kardiovaskulyar operatsiyalar o‘tkaziladigan markazlar, bolalar kardiojarrohlik markazi, kadrlar tayyorlash uchun o‘quv-uslubiy va ilmiy-amaliy markaz tashkil etish kabi vazifalarni amalga oshirish rejalashtirilgan.

Ikkinchi loyihaga asosan esa Qashqadaryo viloyati Kitob shahrida ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi qurilib, uning negizida zamonaviy diagnostika hamda innovatsion o‘quv-uslubiy markazlarni tashkil etish, ilmiy tadqiqotlarda texnik yordam ko‘rsatish, endokrinologik kasalliklarning birlamchi va ikkilamchi profilaktikasi tizimini joriy etish ko‘zda tutilgan.

M.Qosimova, O‘zA