Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Rossiyaga qarshi yangi cheklov kuchga kirdi
19:54 / 2025-07-19

Yevropa Ittifoqi kengashi juma kuni Rossiyaga qarshi sanksiyaning 18-to‘plamini ma’qulladi. Cheklov ro‘yxatiga 14 jismoniy shaxs va 41 nafar yuridik shaxs kiritilgan.

— Qaror e’lon qilingan kundan kuchga kiradi, — deyilgan YeI rasmiy jurnalida chop etilgan hujjatda.

"RIA Novosti" yozishicha, yuridik shaxslar ro‘yxatida Ulyanov dastgohsozlik, Aleksiy sinov-mexanika, Ryazan davlat jihozsozlik zavodlari,

“Polimer” aksiyadorlik jamiyati, “Inroyel” MCHJ, “Krafttek”, “Aeroscan” kabi korxonalar bor. Shuningdek, BAA, Singapur, Mavrikiy, Xitoy, Hindiston va Ozarbayjonda ro‘yxatdan o‘tgan jami 18 kompaniya ham taqiqqa uchradi.

Sanksiya RFning 22 bankiga ham taalluqli. Mamlakatning to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya jamg‘armasi va shu fondning sho‘’ba korxonalari bilan amaliyot ham man etiladi.

Cheklov energetika sohasiga ham yo‘naltirilgan. Masalan, neft narxi shiftini o‘zgartiradigan avtomatik mexanizm joriy etiladi. Bu Rossiya nefti narxini bir barrel uchun taxminan 47,6 dollargacha pasaytirishi kutilyapti.

RF neftini tashiyotgan xufiya tankerlar (“soya”dagi kemalar) kapitanlari, xususiy xalqaro dengiz tashuvchilari ham ta’sirga uchramoqda.

Ta’kidlash joiz, Ittifoq a’zolari mazkur amaliyot bo‘yicha uzoq vaqt kelisha olmadi. Loyihaga Slovakiya va Vengriya qarshilik qilib keldi. Ushbu mamlakatlar Rossiya energiya resurslarini import qilgani bois, taqiqning salbiy oqibatidan xavotirga tushgan.

Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskovning fikricha, Yevropa Rossiyadan arzon energiya olishdan bosh tortishga qaror qilib, “o‘z oyog‘iga bolta urgan”. RFning YeIdagi doimiy vakolatxonasi esa yangi “majburiy” sanksiya ko‘hna qit’a iqtisodiyotining shusiz ham ayanchli ahvolini yanada yomonlashtirishini ta’kidlagan.

S.Rahimov, O‘zA