Rossiyadan yangi metro poyezdi olib kelinadimi?
“Toshkent metropoliteni” bugungi kunda poytaxtimizdagi jamoat transportining eng muhim yo‘nalishlaridan biridir. Har kuni minglab yo‘lovchilar ushbu qulay va tezkor metro xizmatidan foydalanishadi. Shu bois ham metropoliten xizmatining yanada faolligini oshirish maqsadida muayyan chora-tadbirlar ko‘rib boriladi.
Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda “Toshkent metropoliteni” Rossiyadan 10 dona zamonaviy metro poyezdini yetkazib berish bo‘yicha shartnoma imzoladi” mazmunidagi xabarlar tarqaldi.
Mazkur holat yuzasidan Toshkent metropoliteni munosabat bildirdi. Ma’lum qilinishicha, ushbu e’lon qilingan maqoladagi ma’lumotlar eski bo‘lib, ko‘rsatib o‘tilgan 10 dona harakat tarkiblari 2021 yilda bosqichma-bosqich ravishda harid qilingan va hozirgi vaqtda metro yo‘nalishlarida xizmat ko‘rsatmoqda.
Shuningdek, “Toshkent metropoliteni” ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan bu kabi chalg‘ituvchi ma’lumotlarni tarqatmasliklarini so‘ragan.
M.Komilova, O‘zA