Ukraina tomonidan amalga oshirilgan dron hujumi Rossiyaning chegaraga yaqin Belgorod viloyatida ikki nafar fuqaroning hayotiga zomin bo‘ldi. Bu haqda gubernator Vyacheslav Gladkov ma’lum qilgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, tunda berilgan zarba Ukraina chegarasidan shimolda joylashgan Stariy Oskol shahridagi turar joy binolaridan biriga tekkan. Hujum oqibatida uyda yong‘in chiqqan va bino qisman vayron bo‘lgan.
— Qutqaruvchilar hodisa joyida ikki nafar insonning jasadini topdi, — deb yozgan mahalliy hokimlik rahbari ijtimoiy tarmoq orqali.
Qariyb to‘rt yildan beri davom etayotgan urush sharoitida Ukraina Rossiya tomonidan, deyarli, har kuni amalga oshirilayotgan zarbalarga javob sifatida dronlar orqali hujumni kuchaytirmoqda. Energetika ob’ektlari asosiy nishon sifatida tanlanyapti.
O‘z navbatida, Rossiya Ukrainaning elektr va isitish infratuzilmasiga zarbalar berib, millionlab aholini qorong‘ilik va qattiq sovuq sharoitida qoldirmoqda. Ayrim hududlarda havo harorati −20 darajagacha tushgan.
Yakshanba kuni Rossiya dronlari tomonidan Ukrainaning markaziy-sharqiy Dnepropetrovsk viloyatida kon ishchilarini olib ketayotgan avtobusga qilingan hujum natijasida kamida 12 kishi halok bo‘lgan.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA