Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Rossiyadagi oʻzbek diasporasi bilan toʻgʻridan-toʻgʻri muloqot boʻlib oʻtdi
18:07 / 2020-08-10

Taʼkidlash joiz, Oʻzbekiston hukumati va vatandoshlar oʻrtasida bunday shakldagi muloqot Rossiyada ilk bor oʻtkazilmoqda.


Oʻzbekiston Respublikasi hukumati aʼzolari, vazirlik, idora va xorijdagi diplomatik vakolatxonalarimiz rahbarlari hamda 70 dan ortiq oʻzbek diasporasi tashkilotlari (yurtdoshlar uyushmalari) rahbarlari va vakillari ishtirokida videokonferensiya oʻtkazildi. Bu haqda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati maʼlum qilgan.

Taʼkidlash joiz, Oʻzbekiston hukumati va vatandoshlar oʻrtasida bunday shakldagi muloqot Rossiyada ilk bor oʻtkazilmoqda. Uchrashuvdan koʻzlangan asosiy maqsad mavjud masala va muammolarni ochiq muhokama qilish, konstruktiv fikr almashish va takliflarni amalga oshirish boʻyicha istiqbolli hamkorlikni rivojlantirishdir.

Anjumanda pandemiyaning bugungi holati bilan bogʻliq mavzular muhokama qilindi. Tezkor yechim talab qiladigan masalalar yuzasidan chora-tadbirlar belgilanib, masʼul ijrochilar tayinlandi. Bundan tashqari, yurtdoshlarimiz bilan hamkorlikni qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirishning uzoq muddatli yoʻnalishlari ham koʻrib chiqildi. Oʻzbek diasporasi vakillari Rossiya Federatsiyasida yashash va mehnat qilish sharoitlarini yaxshilash, mamlakatlar oʻrtasida madaniy almashinuvni kuchaytirish va huquqiy himoya tizimini mustahkamlashga qaratilgan aniq gʻoya va takliflarni ilgari surdi.

Oʻzbekiston Respublikasining Rossiya Federatsiyasidagi elchixonasi oʻtgan yil avgust oyida vatandoshlar jamoatchilik Kengashini tuzish tashabbusi bilan chiqqan edi. Tuzilma faoliyati chet eldagi oʻzbekistonliklar muammolarini aniqlash va hal etish, ikki davlat oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirishda yurtdoshlarimiz salohiyatidan samarali foydalanish, shuningdek, Oʻzbekiston fuqarolarining huquq va manfaatlarini har tomonlama taʼminlashga qaratilgan.

Videokonferensiya ishtirokchilari chet elda yashayotgan vatandoshlar bilan hamkorlik qilish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi davlat siyosati yoʻnalishida qabul qilingan konsepsiyaga koʻra, vatandoshlarni bandlik, ijtimoiy, moliyaviy, huquqiy va boshqa jihatlardan qoʻllab-quvvatlash mexanizmlarini nazarda tutuvchi batafsil dastur ishlab chiqilayotganini taʼkidladi.

Muloqot yakunida, jumladan, quyidagi bir qator muhim kelishuvlarga erishildi:

- mehnat migratsiyasi sohasidagi jarayon samaradorligini oshirish, pandemiya sharoitida migrantlar bandligi va ularning Rossiya Federatsiyasida boʻlishini taʼminlash masalalariga yechim topish;

- migrant ishchilarning chet elga ketishidan til va kasb boʻyicha tayyorlash;

- xorijdagi oʻzbekistonlik mehnat muhojirlari manfaatini himoya qilishning huquqiy mexanizmini mustahkamlash;

- mehnat migratsiyasiga ketgan fuqarolarni sugʻurta qilish orqali himoyalash mexanizmini yaratish;

- investitsiya va biznes loyihalarida vatandoshlar bilan hamkorlik qilish, taʼlim, fan, madaniyat va ijtimoiy tashabbuslar boʻyicha tajriba almashish;

- Oʻzbekistonda xorijdan kelgan vatandoshlar tomonidan tadbirkorlik, ilmiy, maʼrifiy va madaniy faoliyatni amalga oshirish uchun qulay shart-sharoit yaratish;

- xorijdagi vatandoshlar bilan hamkorlikda amalga oshiriladigan oʻzbek madaniyati va tili, sanʼati, anʼanalari, milliy pazandalik sanʼati, sayyohlik salohiyatini targʻib qilish dasturini ishlab chiqish.

Bundan buyon videokonferensiyalar shaklida, chet eldagi elchixona va konsulliklarda “Ochiq kunlar” formatida Respublikaning tegishli vazirlik, idoralari va diplomatik vakolatxonalari rahbarlarini jalb etgan holda vatandoshlar bilan mana shunday tadbirlarni oʻtkazish amaliyoti muntazam tus oladi. Shuningdek, Respublika davlat organlari, diplomatik vakolatxonalar va xorijdagi vatandoshlar uyushmalari oʻrtasida tezkor va toʻsiqsiz fikr, axborot almashinuvini yoʻlga qoʻyish uchun messenjer, ijtimoiy tarmoq va virtual muloqotning boshqa usullaridan foydalanish ham rejalashtirilgan.

photo_2020-08-10_18-10-02.jpg

photo_2020-08-10_18-10-03 (2).jpg

photo_2020-08-10_18-10-03.jpg

photo_2020-08-10_18-10-04.jpg