Rossiya hukumati qonunchilikka mehnat migrantlari uchun iqtisodiy shartlarni sezilarli darajada murakkablashtirish nazarda tutiladigan o‘zgarish kiritish masalasini ko‘rib chiqdi. Prezident Vladimir Putinning ko‘rsatmasi asosida Moliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan loyiha 2027-yildan kuchga kiradi.
Yangi qoidaga ko‘ra, patent nafaqat qimmatlashadi, balki tizimning qamrov doirasi ham kengayadi. Endi nafaqat korxonalarda, balki jismoniy shaxslarning uy xizmatida, hatto maishiy ehtiyoj uchun ishlayotgan chet elliklar ham majburiy patent to‘lovi amalga oshirishi shart bo‘ladi.
Yana bir muhim o‘zgarish – migrant qaramog‘idagi shaxslar uchun belgilangan qo‘shimcha to‘lov. Agar voyaga yetmagan bolasi yoki ishsiz qarindoshi bo‘lsa, patent egasi har bir oila a’zosi uchun 50 foiz qo‘shimcha haq to‘laydi. Farzand 18 yoshga to‘lgach, mustaqil ravishda patent rasmiylashtirishi yoki yashashi uchun boshqa qonuniy asos bo‘lmasa, mamlakatni tark etishi talab etiladi.
Hozir bazaviy oylik to‘lov 1 200 rubl etib belgilangan, mintaqaviy mezonlar hisobiga bu summa poytaxt Moskvada taxminan 10 000, hatto ayrim hududlarda 27 300 rublgacha yetishi mumkin.
Yangi tartib daromadning qat’iy nazoratini ham ko‘zda tutadi: patentni uzaytirish uchun migrantning sof daromadi, o‘zi va oila a’zolarini hisobga olgan holda, yashash uchun zarur eng quyi miqdordan kam bo‘lmasligi shart. Soliq xizmati har chorakda Ichki ishlar vazirligiga migrantlar daromadi bo‘yicha hisobot berib boradi. Bu o‘zgarishlar tasdiqlansa, Rossiyada mehnat migrantlari uchun moliyaviy yuk keskin ortadi va rasmiy daromadni yashirish imkoniyati yo‘qoladi.
Fardona Yaxshiboyeva, O‘zA