Pandemiya, "demografik o‘ra" 1990-yillardagi migrantlarning qochishi Rossiya mehnat bozorida mutaxassislar tanqisligining asosiy sabablaridan, deb hisoblanmoqda.
Hozirga kelib, masalan, qurilish sohasida ishchilarga bo‘lgan talab 2019 yil pandemiyadan oldingi paytdagi talab bilan taqqoslaganda ikki barobarga ko‘p, deyiladi "Zarplatы.ru" tadqiqot markazining RIA Novosti uchun tayyorlagan ma’lumotida.
"2021 yilning uchinchi choragida 2019 yilning uchinchi choragi bilan taqqoslaganda qurilishda (218 foiz), ko‘chmas mulkda (213 foiz), savdo va ulgurji savdoda (163 foiz), tibbiyot va dori-darmon ishlab chiqarishda (144 foiz), restoran va kafe, jamoatchilik oshxonalarida (119 foiz) bo‘sh ish o‘rinlari keskin ortgan", - deyiladi so‘nggi ikki yilda mehnat bozorini tahlil qilish natijalari asosida tayyorlangan hisobotda.
Vakansiya o‘rinlari logistika, omborlar, xarid qilish sohalarida 113 foizga, chakana savdoda 98 foizga, sanoatda esa 78 foizga ko‘paygan.
"Bo‘sh ish o‘rinlarini to‘ldirish uchun ko‘pgina kompaniyalar turli usullarni qo‘llamoqda. Masalan, ular oyliklarni oshirmoqda, ishchilarni rag‘batlantirish dasturlarini ishlab chiqmoqda, xodimlarning malakasini oshirishiga mutaxassisligini o‘zgartirishiga yordam bermoqda, ijtimoiy paketlarni kengaytirmoqda, boshqa hududlardan mutaxassislar yollamoqda yoki vaxta usulida ishlashni taklif etmoqda", - deyiladi hisobotda.
Shuningdek, ish beruvchilar kompaniyaga oliy yoki maxsus ixtisoslashgan o‘quv yurtlarini bitirgan yosh mutaxassislarni ko‘proq taklif etmoqda.
Hisobotda keltirilishicha, yuqorida sanab o‘tilgan sohalarda ishchilarga bo‘lgan yuqori talab yana bir yil saqlanib qoladi, ayrim sohalarda esa ortib boraveradi.
Tahlilchilar shuningdek, mavsumiy holatlarni hisobga olib kurerlar va ombor ishchilariga ham talab ortayotganiga e’tibor qaratmoqda. Bunday xodimlarga talab ayniqsa yangi yil bayrami arafasida ortadi, deyiladi hisobotda.