Rossiyada ishlash uchun fuqarolarimizning navbatdagi guruhi joʻnab ketdi
Navbatdagi 287 nafar fuqaro bugun ishlash uchun charter reys orqali uchib ketdi. Bu haqda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi axborot xizmati xabar bermoqda.
Bugungi kunda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi tomonidan mehnat migrantlarining ular boʻlib turgan xorijiy mamlakatlardagi pandemiyadan nisbatan kamroq zarar koʻrgan boshqa soha va hududlariga ish topishiga koʻmaklashish va karantin cheklovlari sababli chet elga ishga ketolmagan fuqarolarni xorijga ishga jalb qilish borasida qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, Agentlik va Rossiya Federatsiyasi ish beruvchilari oʻrtasida pandemiya davrida Oʻzbekiston fuqarolarini xorijda ish bilan taʼminlash maqsadida olib borilgan muzokaralar natijasida Amur viloyatidagi gazni qayta ishlash zavodi qurilishida 4 mingdan ziyod boʻsh ish oʻrinlari taklif etilib, ularga Oʻzbekiston fuqarolarini ishga jalb qilish boʻyicha kelishuvga erishilgan edi.
Ayni paytda ishlash istagidagi fuqarolar zavod qurilishi uchun bosqichma-bosqich joʻnatilmoqda. Navbatdagi 287 nafar fuqaro bugun ishlash uchun charter reys orqali uchib ketdi. Bu haqda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi axborot xizmati xabar bermoqda.
Yurtdoshlarimiz 14 kunlik karantindan soʻng belgilangan epidemiologik talablar va karantin cheklovlariga rioya qilgan holda qurilish obyektlarida ish boshlaydi.
Ularning transport, ovqatlanish, patent va yashash xarajatlari, agarda ishchida kasallik aniqlansa, uning davolanishi ish beruvchi kompaniyalar tomonidan taʼminlanishi, shuningdek, oylik ish haqi oʻrtacha 40-60 ming rublni tashkil etishi belgilangan.
Taʼkidlash joiz, joriy yilning 31-iyul kuni 144 nafar, 12-avgust kuni 84 nafar fuqarolarimiz aynan mazkur zavod qurilishida ishlash uchun tashkillashtirilgan holda joʻnab ketgan edi.