Bugungi «Xorij xabarlari» dasturida dunyodagi muhim voqealar: Xitoy elektromobillarda yashirin eshik tutqichlarini xavfsizlik sabab taqiqladi, Rossiyada harbiy ro‘yxatdan o‘tmagan migrantlar bolalarining fuqaroligi bekor qilinishi mumkin, Norvegiya valiahd malikasining o‘g‘li zo‘ravonlikda gumonlanib hibsga olindi. Shuningdek, Pokiston Balujistonda yirik harbiy amaliyot o‘tkazib, 145 nafar jangari yo‘q qilingani, Hindiston Rossiya neftini xarid qilishni to‘xtatishga rozi bo‘lgani, Ukraina tinchlik muzokaralariga tayyor ekani va Fransiyada 2026 yil byudjeti qabul qilinib, mudofaa xarajatlari oshirilgani haqida so‘z boradi.
<iframe width="640" height="480" src="https://www.youtube.com/embed/bmOWllQQqX8?si=UXU0yrPq4i_iZMQP" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Xitoy elektromobillarda yashirin tutqichlarni taqiqladi
Xitoy elektromobillarda yashirin eshik tutqichlaridan foydalanishni taqiqladi, shu bilan Ilon Maskning Tesla kompaniyasi ommalashtirgan dizayndan voz kechgan birinchi davlatga aylandi. Qaror xavfsizlikni oshirish maqsadida qabul qilindi: mamlakatda Xiaomi elektromobillari ishtirokidagi halokatli YTHlarda elektr ta’minoti uzilishi sabab eshiklar ochilmay qolgan bo‘lishi mumkinligi aniqlangan. Endi avtomobil eshiklarida mexanik ochish moslamasi bo‘lishi va tashqi qismida minimal o‘lchamdagi o‘yiq joy hamda ichida eshikni qanday ochish belgisi ko‘rsatilishi shart. Qoidalar 2027 yil 1 yanvardan kuchga kiradi. Garchi bu faqat Xitoy bozoriga taalluqli bo‘lsada, mamlakatning global avtomobil sanoatidagi ulushi sabab qaror dunyo bo‘ylab ta’sir qilishi mumkin.
Rossiya harbiy ro‘yxatda turmagan migrantlarning bolalarini fuqarolikdan mahrum qiladi
Rossiyada harbiy ro‘yxatga turmagan chet elliklarning farzandlari fuqarolikdan mahrum qilinadi. Bu chora faqat ota-onasi qonunni buzgan holda Rossiya fuqaroligini olgan bolalarga taalluqli bo‘ladi; tug‘ilganlik bo‘yicha berilgan fuqarolik yoki ota-onadan biri Rossiya fuqarosi bo‘lsa, qo‘llanmaydi. Qonun loyihasiga ko‘ra, fuqarolikdan mahrum qilingan shaxs kamida uch yil o‘tib yana ariza berishi mumkin, prezident esa gumanitar sabablarga ko‘ra muddatni qisqartirishi mumkin. Yangi fuqarolar ikki hafta ichida harbiy komissariatga yoki «Davlat xizmatlari» orqali ro‘yxatdan o‘tishi shart, majburiyatni bajarmaslik to‘g‘risidagi qarorni maxsus komissiya qabul qiladi, yakuniy qarorni esa Ichki ishlar vazirligi 30 kun ichida chiqaradi.
Norvegiya valiahd malikasining o‘g‘li hibsga olindi
Norvegiya valiahd malikasi Mette-Maritning o‘g‘li, 29 yoshli Marius Borg Hoybi, Oslo shahrida zo‘ravonlikda gumonlanib, to‘rt haftaga hibsga olindi. U 38 ta ayblov, jumladan to‘rt nafar ayolni zo‘rlashda sud qilinishi kutilayotgan edi. Marius 2024 yil avgustidan beri to‘rtinchi marta politsiya qo‘lida ushlangan. Eng jiddiy ayblovlarni rad qilgan bo‘lsada, ayrim yengilroq ayblovlarni tan olgan. Hozir voqea Norvegiya qirollik oilasida yana bir mojaro sifatida muhokama qilinmoqda, chunki Mette-Marit ilgari 2011–2014 yillarda jinsiy jinoyatchi Jeffri Epshteyn bilan yozishmalari va Floridadagi uyida to‘rt kecha qolishi bilan e’tirozlar yuzaga kelgan edi. Marius Borg Hoybi qirollik oilasi a’zosi emas, lekin valiahd shahzoda Haakonning o‘gay o‘g‘li hisoblanadi.
Pokiston kuchlari Balujistonda 145 nafar jangarini yo‘q qildi
Pokiston xavfsizlik kuchlari Balujiston viloyatida harbiy amaliyot o‘tkazib, ayirmachilar tomonidan sodir etilgan portlashlar va qurolli hujumlarga javoban kamida 145 nafar jangarini yo‘q qildi. Hujumlar 31 yanvar kuni bir nechta hududda bo‘lib o‘tgan va unga javobgarlikni Balujiston Ozodlik Armiyasi (BLA) o‘z zimmasiga olgan. Qo‘poruvchilik harakatlari 50 nafar odamni, jumladan 31 tinch aholi vakilini hayotdan olib ketgan. Balujiston viloyati bosh vaziri Sarfaroz Bugti amaliyot natijasida yo‘q qilingan jangarilarning jasadlari hukumat nazoratida ekanini, ularning orasida Afg‘oniston fuqarolari ham borligini bildirdi. Hududda xavfsizlik cheklovlari joriy etilgan, ommaviy yig‘ilishlar va transport harakati cheklangan. Hindiston tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan ayirmachilik harakatlari ishonchsiz deb rad etildi, ammo hududning uzoq yillik zo‘ravonlik va avtonomiya talablari bilan bog‘liq muammolar davom etmoqda.
Hindiston Rossiyadan neft sotib olishni to‘xtatishga rozi bo‘ldi — Tramp
AQSH prezidenti Donald Tramp Hindiston bosh vaziri Narendra Modi bilan telefon muloqotida Hindiston Rossiya neftini xarid qilishni to‘xtatishga rozi bo‘lganini ma’lum qildi. Trampning aytishicha, Hindiston AQSH va ehtimol Venesueladan ko‘proq neft sotib olishga ham tayyor. Suhbat ortidan AQSH Hindiston uchun savdo bojini 25 foizdan 18 foizga tushirishga rozilik bildirgan, shuningdek, Hindiston AQSHdan 500 milliard dollardan ortiq mahsulot xarid qilishga kelishib olgan. Hindiston Vazirlar Mahkamasi rahbari esa bu vaziyatni «ajoyib» deb baholab, Rossiya nefti masalasini tilga olmadi.
Zelenskiy: Ukraina urushni tugatish uchun zarur qadamlarni tashlashga tayyor
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy mamlakat urushni tugatish va tinchlikka erishish uchun zarur qadamlarni tashlashga tayyorligini ma’lum qildi. Muzokara uchun Abu-Dabiga boradigan Ukraina delegatsiyasi bilan yig‘ilishda u ikki tomonlama va uch tomonlama muzokaralarga tayyor ekanini bildirdi. Zelenskiy Ukraina AQSH bilan xavfsizlik kafolatlari bo‘yicha hujjat tayyorlash va iqtisodiy tiklanish masalalarini kelishishga intilayotganini ta’kidladi. Shu hafta Abu-Dabida Ukraina, AQSH va Rossiya ishtirokidagi uch tomonlama muzokaralarning navbatdagi raundi bo‘lib o‘tadi.
Fransiyada 2026 yil budjeti qabul qilindi, mudofaa xarajatlari oshdi
Fransiya hukumati 2026 yil uchun davlat byudjetini qabul qildi. Byudjet defitsitni YAIMga nisbatan 5 foizgacha pasaytirishni ko‘zda tutadi, soliqlarni oshirmaydi va uy xo‘jaliklari hamda korxonalar uchun cheklovlar kiritmaydi. Shu bilan birga, mudofaa byudjeti 6,7 mlrd yevroga oshirib, 57,1 mlrd yevroga yetkazildi.Byudjet parlamentdagi murosa natijasida qabul qilindi, garchi so‘nggi haftalarda hukumatga bir necha marta ishonchsizlik votumi tashabbusi ko‘tarilgan bo‘lsada, yetarli qo‘llab-quvvatlanmagan. Yangi byudjet sharoitida Fransiya davlat qarzi 2026 yilda YAIMning taxminan 118 foizigacha oshishi kutilmoqda.
Nozimbek Mardonov, Oybek Davronov, O‘zA