2025-yil yakuniga ko‘ra, Rossiyada firibgarlar tomonidan amalga oshirilgan pul o‘g‘irlash holati ilk bor 1,5 million martadan oshdi. Bu haqda “Kommersant” nashri RF Markaziy banki ma’lumotiga tayanib xabar bergan.
Mutaxassislar va muvofiqlashtiruvchilar qayd etishicha, jinoyatchilar endilikda kartasidan ko‘ra, masofaviy xizmat va tezkor to‘lov tizimiga ko‘proq e’tibor qaratmoqda. O‘tgan yil o‘g‘irlangan mablag‘ jami 29,3 milliard rublni tashkil etdi. Bu 2024-yilga nisbatan 1,8 milliard rubl ko‘p. Bank kartasi segmentida esa yo‘qotish kamayib, 1,5 milliard rublga tushdi. Shu bilan birga masofaviy bank xizmati orqali o‘g‘irlik 1 milliard rublga, tezkor to‘lov tizimi orqali esa 1,7 milliard rublga oshdi. Elektron hamyon segmentida o‘sish 70 foizni tashkil etib, 170 million rublga yetdi. Mutaxassislar bu tendensiyani firibgarlik usullari o‘zgarishi bilan izohlamoqda. Ilgari noqonuniy kartadan mablag‘ yechish tizimi ustun edi, hozir ijtimoiy muhandislik va masofaviy kirishni buzish holati ko‘paygan.
F. Yaxshiboyeva, O‘zA