Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Rossiya Yevropaga energiya eksportini tiklashga tayyorligini bildirdi
11:15 / 2026-03-10

RF hukumati a’zolari va Markaziy bank rahbariyati ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishda Rossiya prezidenti Vladimir Putin global energiya bozori va mamlakatning eksport salohiyati haqida bayonot berdi.

Uning ta’kidlashicha, Rossiya hech qachon Yevropa bozoriga neft va gaz yetkazib berishdan bosh tortmagan. Agar Yevropa davlatlari siyosiy bosimlardan xoli holda uzoq muddatli va o‘zaro manfaatli hamkorlikni tiklashni istasa, Moskva bunga tayyor.

Hozirda ruslar Yevropadagi ayrim hamkorlariga, jumladan, Vengriya va Slovakiyaga energiya resurslarini yetkazib berishda davom etmoqda. Shu bilan birga, boshqa xaridorlar bilan ham eksport hajmini oshirish masalasi ko‘rib chiqilmoqda.

Putin Yaqin Sharqdagi vaziyat, xususan, Eron atrofidagi keskinlik va strategik ahamiyatga ega Hurmuz bo‘g‘ozining ehtimoliy yopilishi jahon iqtisodiyoti uchun jiddiy xavf tug‘dirishini ham qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, dunyo neft savdosining qariyb uchdan bir qismi aynan shu yo‘l orqali amalga oshiriladi. Agar bo‘g‘oz yopilsa, bu global inflyatsiyaning oshishi, ishlab chiqarish zanjirlarining izdan chiqishi va energiya narxlarining keskin ko‘tarilishiga olib kelishi mumkin.

Ekspertlar fikricha, agar mintaqadagi keskinlik saqlanib qolsa, Hurmuz bo‘g‘ozi orqali neft yetkazib berish jarayonlari yaqin haftalarda jiddiy xavf ostida qolishi mumkin. Bu esa xalqaro bozorda yangi narx vaziyatining shakllanishiga sabab bo‘lishi ehtimoli bor.

F.Yaxshiboyeva, O‘zA