Rossiya yaqin o‘n yil ichida Oy yuzasida atom elektr stansiyasi barpo etishni rejalashtirmoqda. Loyiha Rossiyaning milliy oy dasturi hamda Rossiya–Xitoy qo‘shma ilmiy stansiyasini barqaror energiya bilan ta’minlashni maqsad qilgan. Bu haqda Reuters agentligi xabar berdi.
“Roskosmos” ma’lum qilishicha, Oydagi AES qurilishi 2036 yilga qadar yakunlanishi rejalashtirilgan. U oy bo‘ylab harakatlanuvchi roverlar, ilmiy observatoriya va xalqaro oy ilmiy stansiyasining infratuzilmasini elektr energiyasi bilan ta’minlaydi. Loyihani amalga oshirish uchun Lavochkin nomidagi ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasi bilan shartnoma tuzilgan.
So‘nggi yillarda Rossiya kosmik tadqiqotlar sohasida AQSH va Xitoydan ortda qola boshladi. Xususan, 2023 yilda “Luna-25” missiyasining muvaffaqiyatsiz yakunlanishi mamlakatning oyga oid rejalariga salbiy ta’sir ko‘rsatgan edi. Shu sharoitda Oyda AES qurish tashabbusi Rossiyaning uzoq muddatli kosmik dasturlarga o‘tish yo‘lidagi muhim qadam sifatida baholanmoqda.
Rasmiy bayonotlarda stansiyaning yadroviy ekani to‘g‘ridan-to‘g‘ri aytilmagan bo‘lsa-da, loyihada “Rosatom” davlat korporatsiyasi va Kurchatov instituti ishtirok etayotgani atom texnologiyalaridan foydalanilishini ko‘rsatadi.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/mNmIsq4SeAk?si=EzhDI0RjKC_9g5XY" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Madinabonu Nasriyeva, Anvarxo‘ja Ahmedov, O‘zA