Kecha Yevropa Ittifoqi doimiy vakillari Rossiyaga qarshi sanksiyaning navbatdagi to‘plamini ma’qulladi. Bu haqda Yevropa Kengashining Bryusseldagi yig‘ilishi oldidan ma’lum qilindi.
– YeIga a’zo barcha davlatlar tomonidan Rossiyaga qarshi 19-paket sanksiyasini yozma tasdiqlash jarayoni boshlandi, – dedi “Reuters” muxbiriga uyushmaga raislik qiluvchi mamlakat vakili. - Qarshilar bo‘lmasa, qaror ertaga qabul qilinadi.
Darvoqe, taklifga qarshi davlatlar ham bor edi. Masalan, Slovakiya va Avstriya e’tirozini qaytib olgandan so‘ng yangi cheklov bir ovozdan ma’qullangan.
RF gazi va neftiga qo‘shimcha cheklov kiritishni YeK sentyabr oyi o‘rtalarida taqdim etgan: 2027 yil 1 yanvardan boshlab Rossiyadan suyultirilgan tabiiy gaz importi to‘liq taqiqlandi.
Rus energiya resurslari bilan aylanma yo‘l, jumladan kripto valyuta orqali savdo qilayotgan uchinchi davlatlardagi kompaniyalarga ham sanksiya qo‘llanadigan bo‘ldi. Hujjat tayyorlanayotgan payt rossiyaliklarga turistik shengen vizasi berilishini cheklash ham muhokama qilindi. Binobarin, yakuniy ro‘yxatga vizaga oid cheklov kiritilmadi.
AQSH Moliya vazirligi yirik neft kompaniyalari –“Rosneft” va “Lukoyl”ga qarshi keng ko‘lamli sanksiya joriy etgani haqida xabar berdi. Bu qaror Rossiya Ukrainaga qarshi urushni tugatish bo‘yicha jiddiy munosabat bildirmayotgani sabab qabul qilingani aytilmoqda.
– Prezident Putin urushni tugatishdan bosh tortganini hisobga olgan holda, AQSH Moliya vazirligi Kreml harbiy mashinasini moliyalashtirayotgan ikki yirik neft kompaniyasiga qarshi sanksiya joriy etmoqda, –degan moliya vaziri Skott Bessent. - Amerikadagi aktivi muzlatiladigan bu kompaniyalar bilan yangi shartnoma tuzish taqiqlanadi.
Xuddi shunday sanksiyani bir hafta oldin Buyuk Britaniya ham e’lon qilgan. Shuningdek, joriy yil Buyuk Britaniya va AQSH “Gazprom neft” va “Surgutneftegaz” kompaniyalariga ham cheklov qo‘llagan.
AQSH Prezidentining so‘zlariga ko‘ra, agar Putin Ukrainaga qarshi urushni tugatishga rozi bo‘lsa, sanksiya tezda bekor qilinishi mumkin.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/u5lEnvQJPwY?si=CZh5UVwrBJIyJHbz" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Kenja Bekjonov, Anvarxo‘ja Ahmedov, O‘zA