Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Rossiya Xersonni o‘qqa tutdi: 4 kishi halok bo‘ldi (+video)
20:42 / 2026-03-02

Bugungi xalqaro voqealar sharhida AQSHning Texas shtatidagi otishma, Rossiya qo‘shinlarining Xersonga artilleriya zarbalari, BAAning Eron bilan diplomatik aloqalarni uzishi, Kobul osmonida Pokiston harbiy samolyotlarining nishonga olinishi, Belgiya tomonidan Rossiyaning “soya floti”ga tegishli tankerning qo‘lga olinishi, Shimoliy Koreya rahbarining sanoat bo‘yicha bayonoti hamda Toyota kompaniyasining 30 milliard dollarlik taklifi haqida ma’lumotlar taqdim etildi.

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/jXJIKUtQ47Y" title="Rossiya Xersonni oʻqqa tutdi: 4 kishi halok boʻldi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Texasdagi bar yaqinida otishma: uch kishi halok bo‘ldi

AQSHning Texas shtati poytaxti Ostin shahrida joylashgan bar atrofida sodir bo‘lgan otishma oqibatida uch kishi, jumladan gumonlanuvchi ham halok bo‘ldi, 14 nafar kishi jarohat oldi. Politsiya hodisa joyiga bir daqiqadan kam vaqt ichida yetib kelganini ma’lum qildi. FQB tergov olib bormoqda, hodisaning terrorchilik bilan bog‘liq ehtimoli ham ko‘rib chiqilmoqda.

Rossiya Xersonni o‘qqa tutdi: qurbonlar bor

Rossiya qo‘shinlari Xerson shahrining turar joy hududlariga artilleriya zarbalari berdi. Hujum natijasida to‘rt nafar tinch aholi halok bo‘lgan, yaralanganlar ham bor. Shu kuni Xarkov shahri ham dron va raketa hujumlariga uchragani, ayrim infratuzilma ob’ektlari shikastlangani ma’lum qilindi.

BAA Eron bilan diplomatik aloqalarni uzdi

Birlashgan Arab Amirliklari Eron tomonidan amalga oshirilgan raketa zarbalaridan so‘ng Tehrondagi elchixonasini yopish va diplomatik xodimlarni chaqirib olishga qaror qildi. Rasmiy bayonotda hujumlar mamlakat suvereniteti va xalqaro huquqning buzilishi sifatida baholangan. Ayrim dronlar Dubay xalqaro aeroporti va boshqa infratuzilma ob’ektlariga zarar yetkazgani aytilmoqda.

Kobul osmonida Pokiston harbiy samolyotlari nishonga olindi

Afg‘oniston poytaxti Kobul osmonida Pokiston harbiy samolyotlari o‘qqa tutilgani haqida xabarlar tarqaldi. Manbalar portlash ovozlari eshitilganini ma’lum qilgan, ammo rasmiy talafotlar haqida aniq ma’lumot berilmagan. Hodisa mintaqadagi geosiyosiy keskinlik fonida yuz bergan.

Belgiya Rossiyaning “soya floti”ga tegishli tankerni qo‘lga oldi

Belgiya harbiylari Fransiya ko‘magida Rossiyaning “soya floti”ga aloqador deb gumon qilingan Ethera neft tankerini to‘xtatib, Zebryugge portiga olib keldi. Rasmiylarga ko‘ra, kema qalbaki hujjatlar bilan harakatlangan bo‘lishi mumkin. Mazkur flot Rossiyaga nisbatan joriy etilgan sanksiyalarni chetlab o‘tishda qo‘llanilayotgani ta’kidlanmoqda.

Shimoliy Koreya rahbari sanoat ishlab chiqarishini oshirishga chaqirdi

Shimoliy Koreya rahbari partiya kongressidan so‘ng Sangvon sement majmuasiga tashrif buyurib, ishlab chiqarish hajmini maksimal darajaga yetkazish bo‘yicha topshiriq berdi. Uning ta’kidlashicha, korxona Pxenyandagi yirik qurilish loyihalarida muhim o‘rin tutmoqda. Mamlakatda yangi qurilish dasturlari amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

Toyota yetkazib beruvchi kompaniya uchun taklifni 30 milliard dollarga oshirdi

Toyota kompaniyasi o‘zining asosiy yetkazib beruvchilaridan biri aksiyalarini sotib olish bo‘yicha taklifini 30 milliard dollargacha oshirdi. Yangi taklif avvalgisiga nisbatan yuqoriroq baholandi va investorlar tomonidan ijobiy qabul qilindi. Elliott investitsiya fondi bu qarorni aksionerlar manfaatini himoya qilishdagi yutuq sifatida baholamoqda.

Nozimbek Mardonov, Yoqub Meliboyev O‘zA