Uch tomonlama uchrashuv…
Litva, Polsha va Ukraina Prezidentlari Gitanas Nauseda, Andjey Duda va Vladimir Zelenskiy kecha Lvovda uch tomonlama uchrashuv o‘tkazdilar. Muzokaralar yakunida deklaratsiya qabul qilindi. Unda Varshava va Vilnyusning Kiyevga harbiy yordamlarning davom ettirilishi qayd etildi.
«Litva va Polsha qancha zarur bo‘lsa Ukrainani harbiy, mudofaa, siyosiy, diplomatik, iqtisodiy, logistika va gumanitar sohalarda yordam beradi», deyiladi hujjatda.
Lvov shahri hokimi Andrey Sadovoyning ma’lum qilishicha, mazkur uch davlat yetakchilarining oxirgi uchrashuvi 2006 yilda bo‘lib o‘tgan.
Duda qo‘shma matbuot anjumanida Polsha xalqaro koalitsiya doirasida Ukrainaga «Leopard» tanklari rotasini topshiradi», deb bayonot berdi.
Zelenskiy jurnalistlarga iyul oyida Vilnyusda o‘tadigan NATO sammitida Ukrainaning Alyansga a’zo bo‘lishiga nomzod maqomi berilishiga umid qilishini bildirdi.
Ukraina Tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg bilan telefon muloqoti o‘tkazdi. Suhbatning asosiy mavzui Kiyevga harbiy texnika yetkazib berish va Alyansning bo‘lajak Vilnyus sammiti kun tartibi bo‘ldi, deb xabar berdi vazir ijtimoiy tarmoqlardagi o‘z sahifasida.
MAGATE Bosh direktori Rafael Grossi keyingi haftada Ukrainaga borishi, undan keyin Rossiyaga o‘tib, u yerda rahbariyat bilan muzokaralar o‘tkazishi haqida Italiyaning «Rai News 24» telekanaliga ma’lum qildi.
Turkiya va Ukraina Mudofaa vazirlari Xulusi Akar va Aleksey Reznikov telefon orqali suhbatda Ukraina atrofidagi vaziyatni muhokama qilishgan.
Vengriya Prezidenti Katalin Novakning ta’kidlashicha, NATO Ukraina ziddiyatiga qo‘shilmasligi kerak. «Biz bu masalada pragmatik bo‘lishimiz kerak, lekin Yevropaning omon qolishi haqida ham o‘ylashimiz kerak», deb qo‘shimcha qildi yetakchi.
Zelenskiy ikki, uch xorijiy davlatlarning fuqaroligini olgan, shuningdek, mamlakatga siyosiy yoki ma’naviy ta’siri bo‘lgan barcha rossiyaliklarni Ukraina fuqaroligidan chiqarish kerak, deb bayonot berdi.
«Foreign Policy» jurnalining amerikalik va yevropalik mulozimlarga tayanib xabar berishicha, Turkiya o‘tgan yilning noyabr oyidan boshlab AQSHda sovuq urush davrida ishlab chiqilgan kassetali qurol-aslahalarni Ukrainaga yetkazib bermoqda.
Nashrning qayd etishicha, «Turkiya har qancha Rossiya bilan hamkor-sherik bo‘lmasin, Ukrainaga harbiy yordam berishni kanda qilmayapti».
Chexiya Vazirlar Mahkamasi Ukrainani tiklash bo‘yicha vakolatli hukumat vakili institutini tuzish masalasini qo‘llab-quvvatlab chiqdi. Bu haqda «CHTK» agentligi mamlakat Tashqi ishlar vaziri Yan Lipavskiyga tayanib ma’lum qildi.
Vakil etib Chexiya Mudofaa vaziri o‘rinbosari Tomash Kopechniy tayinlandi. Uning vazifasiga Ukrainaga yetkazib berilayotgan respublika yordamlarini muvofiqlashtirish kiradi.
Abror XON, O‘zA