Rim Papasi, Ispaniya Qiroli va boshqalar...
BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish Ukraina atrofidagi inqirozda ikki tomon rozi bo‘lgan taqdirda vositachi bo‘lishga tayyor ekanini ma’lum qildi.
Bu haqda xalqaro tashkilotning matbuot xizmati xabar berdi.
Ukraina Tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba “Kiyev fevral oyi oxirigacha Guterrish ishtirokida BMTda “tinchlik sammiti” o‘tkazishni mo‘ljallamoqda” degan bayonotini “Associated Press” e’lon qildi.
Shuningdek, Kuleba ukrainalik harbiylarning Amerikadan keladigan “Patriot” havo hujumiga qarshi mudofaa majmuasida ishlashni o‘rganishlari uchun yarim yil vaqt zarur bo‘lishini ta’kidladi.
Rim Papasi Fransisk o‘zining “Urbi et Orbi” (Shahar va dunyoga”) an’anaviy Rojdestvo tabrigida Ukraina mojarosini eslab o‘tdi.
“Ukraina xalqi qorong‘u, sovuq va vayronalar tufayli uydan uzoqda bayramni nishonlamoqda”.
Oliy ruhoniy “aniq birdamlik imo-ishoralari” bilan Ukrainada azob chekayotgan xalqqa yordam berishga chaqirdi. U o‘z duosida “ma’nosiz ziddiyatni zudlik bilan to‘xtatishni” so‘radi.
Ispaniya Qiroli Filipp VI Rojdestvo bayrami munosabati bilan xalqiga yo‘llagan murojaatida Ukraina atrofidagi vaziyat energetika sohasidagi inqirozni keltirib chiqardi, dedi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, mazkur ziddiyat koronovirus pandemiyasi singari “iqtisodga chuqur ta’sir ko‘rsatmoqda”.
Isroil “Temir gumbaz” havo hujumidan himoya majmuasini, shu jumladan, Rossiyaning jiddiy qarshiligi bilan Kiyevga yetkazib berishni xohlamayapti. Bu haqda Isroil Milliy xavfsizlik kengashi sobiq rahbari Yaakov Nagel Amerikaning “The National Interest” jurnaliga bergan intervyusida gapirib o‘tdi.
Chexiya Prezidenti Milosh Zeman Rossiya-Ukraina mojarosi munosabati bilan mamlakatining xavfsizlik nuqtai nazaridan Kreml bilan aloqalarni qayta ko‘rib chiqishga majbur bo‘lmoqda. Bu haqda Praga ommaviy axborot vositalari ma’lum qildi.
“Iqtisodiy manfaatlari ba’zi hollarda xavfsizlik bilan almashishga majbur bo‘lar ekan. Ukraina inqirozi jahon va Chexiya xavfsizligini tahdidga qo‘ydi”, dedi davlat rahbari.
Amerikalik iste’fodagi general Barri Makkeffri “MSNBC” telekanaliga bergan intervyusida Ukraina ancha yo‘qotishlarga duchor bo‘lmoqda va u katta xavf ostida qolmoqda”, degan.
Makkeffri fikricha, “Ukrainaga yetkazib berilishi mo‘ljallangan Patriot”lar yetarli bo‘lmaydi. “Kuchlar balansini qandaydir o‘zgartirish uchun “M1A2 Abrams” tanklari va “ATACMS” boshqariladigan operativ-taktik ballistik raketalar ajratilishi kerak.
Fransiyaning radikal siyosatchisi, Milliy front raisining sobiq o‘rinbosari, "Patriotы" assotsiatsiyasi yetakchisi Florian Filippo o‘z ijtimoiy sahifasida “Zelenskiy Vashingtonda: Uchinchi jahon urushi sari buyuk ittifoq”, deb yozib chiqdi.
Abror XON, O‘zA