“AQSH Rossiya bilan urushmayapti va u bilan ziddiyatga borishga intilmayapti, ammo Ukrainaga qancha zarur bo‘lsa, shuncha yordam berishni davom ettiradi”. Bu haqda Pentagonning matbuot xizmati rahbari, general Patrik Rayder ma’lum qildi.
“Qo‘shma Shtatlar Ukraina o‘zini himoya qilishi uchun ko‘mak ko‘rsatmoqda”.
Rayder, shuningdek, ukrain fuqarolari himoyalanishi uchun mudofaa qurollarini ham yetkazib bermoqda, deb xabar berdi.
Afrika mamlakatlari Rossiya – Ukraina ziddiyatidan xavotirda ekanliklarini bildirdilar. Ular bu mojaro nafaqat Kiyev, balki butun xalqaro munosabatlar tizimiga ta’sir qiladi, deb ta’kidladilar. Bu haqda AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken Vashingtonda o‘tgan Amerika-Afrika sammiti yakunlari bo‘yicha brifingda aytib o‘tdi.
“Hududiy yaxlitlik, mustaqillik, suverenitet – bu juda muhim. Bu barcha uchun katta ahamiyatga ega, ammo afrikaliklar uchun alohida e’tiborli. Shuning uchun Ukraina atrofidagi nizodan ancha bezovta ekanliklarini bildirdilar”, dedi Bosh kotib.
Shuningdek, Blinken o‘tgan hafta senatorlar bilan uchrashganini eslatib, ikki fraksiya a’zolari ham Ukrainani to‘la qo‘llab-quvvatlash tarafdori ekanliklarini yana bir bor tasdiqladilar, deb bayonot berdi.
MAGATE Bosh direktori Rafael Grossi va Janubiy Koreya Fan va informatsion-kommunikatsiyalar texnologiyasi vaziri Li Chjon Xo Seuldagi uchrashuvda Ukraina AES atrofidagi vaziyat va kichik reaktor modullarini yaratish masalalarini muhokama qilishdi, deb xabar berdi “Yonhap” agentligi.
Yevropa Ittifoqi davlat va hukumat rahbarlari Ukrainaga 2023 yilda makromoliyaviy ko‘mak berish dasturini tasdiqladilar. Bu haqda Yevropa kengashi raisi Sharl Mishel Bryusselda o‘tgan matbuot anjumanida aytib o‘tdi.
“Ukrainaga 18 milliard yevro mablag‘ ajratildi, YeI o‘z so‘zining ustidan chiqadi”, deb ta’kidladi u.
YeI bu yil Ukraina uchun jami 19,7 milliard yevro moliyaviy yordam ko‘rsatgani aytiladi.
Qo‘shma Shtatlar keyingi yilda Germaniyadagi o‘z bazasida Ukraina Qurolli kuchlari harbiy xizmatchilarini o‘qitish hajmini oshiradi, oyiga 800 harbiyni o‘qitish rejalangan, deb yozdi “The New York Times” Oq uydagi manbalariga tayanib.
“Bugungacha har oyda 300 atrofida ukrainalik harbiy Germaniyada – Grafenvyor yaqinida shaharda o‘qitildi”.
Fevral oyidan beri 3,1 mingdan ortiq harbiy xizmatchi shunday o‘quv dasturini bitirdi.
Abror XON, O‘zA