Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Rossiya – Ukraina ziddiyati NATOni qay darajada mustahkamladi?
22:17 / 2024-02-20

Rossiyaning Ukrainaga nisbatan ikki yildan beri davom etayotgan keng ko‘lamli amaliyoti tufayli ba’zi g‘arb davlatlarida urushdan charchash holati kuzatilmoqda. NATO Moskvaga qarshi birlikni saqlab qoldi. Demak, Rossiya AQSHdagi saylov oldidan asosiy raqib ko‘rinadi.

Finlyandiya kirishi bilan jonlangan Alyansga Shvetsiya ham qo‘shilish arafasida. G‘arb poytaxtlarida Rossiyaning Ukrainadagi g‘alabasi xalqaro geosiyosiy holatni g‘arb manfaati hisobiga o‘zgartirishi mumkin, degan qarash mavjudligiga qaramay, mintaqada bo‘linish mavjud.

Boltiq bo‘yi Yevropa Kiyevni qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirishi tarafdori bo‘lsa-da, Vengriya, Slovakiya kabi NATOga a’zo ayrim davlatlar Ukrainaga nisbatan shubha bilan qaraydi. Masalan, o‘tgan yil Niderlandiya va Slovakiyada bo‘lib o‘tgan saylov natijasi “Ukrainani qo‘llashda NATO yakdilmi yoki yo‘q?”, degan savolni javobsiz qoldirdi.

O‘tgan yil noyabr oyida

Amsterdamning Kiyevga harbiy yordamini to‘xtatish tarafdori bo‘lgan Geyert Vildersning o‘ta o‘ng “Ozodlik uchun” partiyasi parlament saylovida g‘alaba qozondi. Sentyabrda esa “Kremlparast” deya ta’riflangan Robert Fikoning “Slovakiya Sotsial-demokratiyasi” partiyasi parlament saylovida 22,9 foiz ovoz olib, barcha raqobatchilarni ortda qoldirgan. Binobarin, ba’zi ekspertlar ta’kidlashicha, bu holatlar NATOning umumiy pozitsiyasini zaiflashtira olmaydi.

2005-2009 yillar AQSH Davlat kotibining Yevropa va Yevrosiyo bo‘yicha yordamchisi o‘rinbosari bo‘lgan Metyu Brayza navbatdagi saylov G‘arbning Kiyev bilan birdamligiga ta’sir qilmaydi, deb hisoblaydi. Vengriya yaqinda Bryussel Ukrainaga ajratgan 50 milliard yevro (54 milliard dollar) miqdoridagi qo‘shimcha harbiy-iqtisodiy yordamni to‘xtatishga harakat qilgan edi. Tashkilot boshqacha qarashga ega bir necha rahbardan kuchliroq ekaniga urg‘u bergan Brayza. Slovakiyaning yangi hukumati Ukrainaga tanqidiy nuqtai nazardan qarasa-da, rasmiy Bratislava G‘arbning Moskvaga qarshi birligini buzishga harakat qilgani yo‘q.

G‘arbda urush charchog‘i

Mojaro davom etarkan, G‘arb dunyosining ba’zi hududlarida charchoq sezilmoqda. Bunga qarshi eng yaxshi vosita Ukrainaning g‘alabasi bo‘lishi mumkinligi aytilmoqda. Nizo uzoq davom etishi Ukrainaga qo‘shimcha harbiy yordam yetishmovchiligiga olib keladi.

AQSH qo‘llovida noaniqlik

Qo‘shma Shtatlardagi prezidentlik saylovining Ukraina kelajagiga ta’siri haqida hozir biror nima deyish qiyin. Siyosatchilar noyabrda kutilayotgan Bayden va Tramp poygasi jarayonni qiyin vaziyatga tushirib qo‘yishi mumkin. Sobiq prezident Ukrainaga yordam qo‘lini cho‘zish istagida emas. Qolaversa, bu ikki siyosatchining NATO haqidagi tushunchasi tubdan farq qiladi.

Tahlilchilar taxminicha, agar Tramp g‘alaba qozonib, Yevropa Ittifoqi keyingi Yevroparlament saylovidan keyin o‘ta o‘nglar qo‘liga o‘tib ketsa, xalqaro hamjamiyat nozik vaziyatda qoladi. Vashington Kiyevni qo‘llashdan to‘xtasa, Yevropa davlatlari bo‘shliqni to‘ldirolmaydi. O‘t ochishni to‘xtatishga majbur bo‘lish Ukrainani mag‘lubiyat tomon yetaklaydi. Rossiyaning g‘alabasi esa AQSH va ittifoqchilar uchun salbiy geostrategik oqibatni keltirib chiqaradi. Mag‘lubiyat G‘arb manfaatiga to‘g‘ri kelmaydi.

Sardor Poyonov, O‘zA