Ukrainaning Sumi shahriga uyushtirilgan raketa hujumida 34 kishi, jumladan ikki nafar bola halok bo‘lib, 117 inson yaralandi. Bu voqeani G‘arbdagi ittifoqchilar keskin qoralamoqda.
BBC yozishicha, kecha erta tong uchirilgan ikki ballistik raketa davlat universiteti va Kongress markazi yaqinida portlagan.
AQSH Prezidenti Donald Tramp hujumni “dahshatli voqea” deya ta’riflagan bo‘lsa, Germaniya Kansleri Fridrix Mers RFni harbiy jinoyat sodir etishda aybladi.
Yirik hujumga tayyorlanayotgani aytilayotgan Moskva hozircha holatga rasmiy izoh bermagan.
Trampning Ukraina bo‘yicha maxsus vakili, iste’fodagi general-leytenant Keyt Kellog hujum har qanday odob chegarasini kesib o‘tganini aytdi. Vladimir Zelenskiy esa Trampni Ukrainaga kelib, vayronagarchilikni o‘z ko‘zi bilan ko‘rishga chaqirdi.
– Iltimos, har qanday qaror, muzokaradan oldin odamlar, aholi, jangchilar, kasalxona va cherkovlar, vayron bo‘lgan binolar, qurbonlarni ko‘rish uchun keling, – degan Ukraina yetakchisi.
Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron RFni “inson hayoti, xalqaro huquq va Prezident Trampning diplomatik sa’y-harakatini ochiqdan-ochiq mensimaslik”da aybladi.
Yevropa Komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayen hujumni “vahshiylik” deya ta’riflab, shunday dedi:
– Rossiya xalqaro huquqni ochiqdan-ochiq buzgan holda tajovuzkor harakat qilgan va shunday bo‘lib qoladi. Urushni to‘xtatish uchun zudlik bilan qat’iy choralar ko‘rish zarur. Yevropa Ukraina shartiga ko‘ra, qon to‘kilishi tugab, adolatli va mustahkam tinchlikka erishilgunga qadar hamkorlar bilan aloqani ushlaydi, Putinga kuchli bosimni davom ettiradi.
Musulmon Ziyo, O‘zA