Bugun Rossiya va Ukraina o‘rtasida keng ko‘lamli urushga to‘rt yil to‘ldi. Ikki davlat ham qurbonlarning aniq sonini rasman e’lon qilmagan. Ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan asr 40-yillaridan beri Yevropada bo‘lib o‘tgan eng halokatli mojaro sifatida e’tirof etilayotgan mazkur to‘qnashuvda ikki tomondan qariyb 2 million harbiy xizmatchi halok bo‘lgan, yaralangan yoki bedarak yo‘qolgan.
Vashingtonda joylashgan Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazi hisob-kitobiga ko‘ra, Rossiyada jami 1,2 million kishi bevosita urushdan jabr ko‘rgan, jumladan 325 000 kishi halok bo‘lgan, Ukrainada esa jami 600 000 askar safdan chiqqan, 140 000 odam qurbon berilgan.
Tramp ikkinchi marta lavozimga kirishganda bu “urushni bir kunda tugatish” haqida va’da bergandi. Shunga qaramay, muzokara hamon davom etyapti va hozirgacha natija bergani yo‘q. Zero, Moskva va Kiyevning mojaroni bartaraf qilish bo‘yicha egallagan pozitsiyasi bir-biridan tubdan farq qilmoqda. Rossiya Ukrainaning Donbassdan to‘liq voz kechishini talab qilyapti, Ukraina esa biror hududiy imtiyoz berishdan qat’iy bosh tortmoqda.
RF qurol ishlab chiqarishni ko‘paytirayotgan, mamlakat iqtisodiyoti G‘arbning shafqatsiz sanksiyasi va cheklovidan aziyat chekayotgan bir payt, Ukraina muntazam ravishda xorijiy yordam olyapti.
Ramshtaynda bo‘lib o‘tgan so‘nggi uchrashuvda Kiyev yana bir bor, bu gal tarixan eng yirik moliyaviy qo‘llab-quvvatlovga sazovor bo‘ldi: 2026-yil uchun 38 milliard dollar ajratildi. Bu mablag‘ turli xil qurollar yetkazib berish, Ukrainada qurol ishlab chiqarishni rivojlantirishga ko‘maklashishni ham ko‘zda tutadi. Harbiy yordamning salmoqli qismi Ukrainaga yetkazib berish uchun Amerika qurolini sotib olish nazarda tutilgan “Ustuvor Ukraina talablari ro‘yxati” (Prioritized Ukraine Requirements List – PURL tashabbusi orqali keladi.
Shuningdek, urushning to‘rt yilligi munosabati bilan bir necha davlat Kiyevga yangi yordam to‘plamini tasdiqladi. Masalan, Buyuk Britaniya mamlakatdagi elektr tarmog‘ini muhofaza qilish va ta’mirlash, qo‘shimcha ishlab chiqarish quvvatlarini rag‘batlantirish maqsadida favqulodda energiya ta’minoti uchun 26,9 million dollar beradi. Bundan tashqari rasmiy London front chizig‘idagi jamoalar, evakuatsiyaga muhtoj shaxslar va havo hujumi yoki ichki ko‘chishdan jabr ko‘rganlarga insonparvarlik yordami uchun 7,6 million dollar ajratdi.
Daniya ham Ukrainaga taxminan 30 million dollar miqdorida yordam ko‘rsatishini ma’lum qilgan. Yangi Zelandiya esa Kiyevga 8 million dollar bermoqchi va Rossiyaga qarshi sanksiyani kengaytirish niyatida. RF nefti uchun narx chegarasi 46,6 dollardan 44,1 dollargacha tushirildi, sanksiya ro‘yxatiga 23 kishi, 13 tashkilot va 100 ta kema qo‘shildi.
S.Rahimov, O‘zA