AQSH prezidenti Donald Tramp Kiyevga ko‘proq harbiy yordam berishga va’da berganidan bir necha soat o‘tib, RF Ukraina tomonga dronlar va ballistik raketalar bilan zarbalar yo‘lladi. Bu haqda “CNN” nashri yozmoqda.
Xabarda ta’kidlanishicha, Rossiya Ukraina tomonga jami 728 ta dron va 13 ta raketa uchirgan. Ukraina harbiy havo kuchlari 718 ta dron urib tushirilganini ma’lum qildi.

– Havo hujumi oqibatida Kiyev shahridagi turar joy binolari, avtomobillar, omborlar, ofis va noturar binolar yonib ketdi, - dedi Kiyev shahar harbiy ma’muriyati rahbari Timur Tkachenko. – Oqibatda ikki kishi halok bo‘ldi, 14 kishi yaralandi.

U shuningdek, poytaxtning oltita tumanida hujum oqibatlari qayd etilganini va shaharda havo ifloslanishi kuchayganligi sababli aholidan o‘z uylari derazalarini ochmasligini so‘ragan.

– Mazkur hujum tinchlikka erishish va o‘t ochishni to‘xtatishga bo‘lgan urinishlarni puchga chiqarmoqda, -dedi Ukraina yetakchisi Vladimir Zelenskiy. – Yaqinda Rossiya Ukraina tomonga 18 ta ballistik raketa va taxminan 400 ta dron uchirgandi. Hujum deyarli o‘n soat davom etdi. Ruslarning asosiy nishoni poytaxt Kiyev bo‘lgan.

Xorijiy OAVda aytilishicha, Ukraina g‘arbidagi Xmelnitskiy shahrida bir nafar fuqaro dron hujumi natijasida halok bo‘lgan.
O‘.Alimov, O‘zA