Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Rossiya – Ukraina: Putin o‘z shartini e’lon qildi
16:37 / 2025-03-14

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukrainada 30 kunlik o‘t ochishni to‘xtatish g‘oyasiga qo‘shilishi, biroq sulh mazmuniga oid “savollar” saqlanib qolayotganini bildirdi. BBC shunday yozgan.

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Putinning rejaga javobini “manipulyatsiya” deya baholadi va RFga qarshi sanksiyani kuchaytirishga chaqirdi.

O‘z navbatida AQSH Rossiyaning neft, gaz va bank sektoriga nisbatan qo‘shimcha sanksiya kiritdi.

Kecha Moskvada o‘tkazilgan matbuot anjumanida Putin o‘t ochishni to‘xtatish taklifiga quyidagicha izoh berdi:

– G‘oya to‘g‘ri, biz bu fikrni qo‘llab-quvvatlaymiz. Binobarin, muhokama qilishimiz kerak bo‘lgan masalalar bor. O‘t ochishni to‘xtatish barqaror tinchlikka olib kelishi va inqirozning asosiy sababini ochib berishi zarur. Amerikalik hamkasblar va hamkorlar bilan muzokara olib borishimiz kerak.

Balki, Trampga qo‘ng‘iroq qilarman. Ukraina tomoni uchun 30 kunlik tinchlikka erishish yaxshi. Biz buning tarafdorimiz, ammo ba’zi tushunarsiz jihatlar bor.

RF yetakchisi ta’kidlashicha, munozarali masalalardan biri – Kursk viloyati. Rossiya mazkur hudud ustidan to‘liq nazorat o‘rnatgan, Ukraina qo‘shini ihotalangan.

– Ular ketishga harakat qilyapti, lekin vaziyat nazoratimizda, – degan u. – Ukraina aslahalari ham bizning qo‘limizda. Kurskdagi ukrainaliklar uchun ikki yo‘l bor – taslim bo‘lish yoki jon taslim qilish.

Putin o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi qanday ishlashiga oid ba’zi masalalarga ham to‘xtalgan:

–30 kundan qanday foydalaniladi? Ukrainani qaytadan safarbar qilish, qayta qurollantirish uchunmi? Maqsad odamlarni harbiy tayyorgarlikdan o‘tkazishmi? Kim jangni tugatish buyrug‘ini beradi? Nima evaziga? 2000 kilometrdan ortiq masofani bosib o‘tish imkonini bergan sulhni kim buzdi? Bu savollar har ikki tomon puxta ishlashini taqozo qiladi.

Zelenskiy ham tungi video murojaatida mavzuga oid fikr bildirdi:

– Putin to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘q demaydi, lekin amalda taklifni rad etishga tayyorlanmoqda. Shubhasiz, u Trampga urushni davom ettirmoqchiligini to‘g‘ridan-to‘g‘ri aytishdan qo‘rqadi. Rossiya rahbari shunchalik ko‘p shart qo‘yadiki, natijada hech narsa amalga oshmaydi.

Putin va Zelenskiy bayonotidan so‘ng ikki tomonning vaziyatga yondashuvi bir-biriga zid ekani ma’lum bo‘ldi.

Ukraina ikki bosqichli jarayonni istaydi: tezda o‘t ochishni to‘xtatish va keyinroq uzoq muddatli kelishuvga erishish. RF esa barcha masala birdan hal qilinishi tarafdori.

Qayd etish joiz, Rossiya 2022 yil fevralda keng ko‘lamli harbiy amaliyot boshlab, hozir Ukraina hududining taxminan 20 foizini nazorat qilmoqda.

Musulmon Ziyo, O‘zA