Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Rossiya – Ukraina nizosi: Sharqiy Yevropadagi beqarorlik yoxud tinchlik istiqboli
11:24 / 2026-02-12

Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi qurolli to‘qnashuv bugun nafaqat ikki davlat munosabati, balki butun Sharqiy Yevropa xavfsizligiga ta’sir ko‘rsatayotgan yirik geosiyosiy inqirozga aylangan. 2022-yil fevral oyida mojaro keng ko‘lamli harbiy amaliyotga o‘tgach, mintaqadagi siyosiy muvozanat jiddiy o‘zgardi. Xalqaro maydonda qarama-qarshilik kuchaydi, global xavfsizlik tizimi yangi sinovga duch keldi.

Aslida bu ziddiyatningildizi 2014-yil voqealariga taqaladi. Qrim atrofidagi vaziyat va Donbass hududida boshlangan qurolli to‘qnashuv ikki o‘lka munosabatini keskinlashtirdi. Ukrainaning Yevropa Ittifoqi hamda NATO bilan yaqinlashuv siyosati RF tomonidan strategik xavf sifatida baholandi. Natijada siyosiy qarama-qarshilik bosqichma-bosqich harbiy mojaroga aylandi.

Nizo Sharqiy Yevropadagi xavfsizlik muhitini tubdan o‘zgartirdi. Mintaqa davlatlari mudofaa salohiyatini oshirishga kirishdi, NATOning sharqiy qanoti yanada mustahkamlandi. Yevropa mamlakatlari energetika sohasida Rossiyaga qaramlikni qisqartirish choralarini ko‘rdi. Bu jarayon iqtisodiyotga ham ta’sir ko‘rsatib, inflyatsiya darajasi oshdi, oziq-ovqat va yonilg‘i qimmatlashdi. Shu bilan birga, millionlab ukrainalik yurtini tark etib, boshqa o‘lkalarda boshpana izlashga majbur bo‘ldi.

Muzokara masalasi hamon ochiq qolmoqda. Turli xalqaro formatlarda uchrashuvlar o‘tkazilgan bo‘lsa-da, hududiy yaxlitlik, xavfsizlik kafolati va siyosiy shart borasida tomonlar o‘rtasida jiddiy ixtilof saqlanib turibdi.

Ukraina o‘z hududlari ustidan to‘liq nazoratni tiklashni ustuvor maqsad, deb bilmoqda. Rossiya ham milliy manfaat himoya qilinayotganini ta’kidlamoqda. G‘arb davlatlari Kiyevga ko‘rsatayotgan harbiy va moliyaviy yordam ham vaziyatga sezilarli ta’sir ko‘rsatmoqda.

Tinchlikka erishish ko‘p jihatdan jang maydonidagi vaziyat, xalqaro vositachilar sa’y-harakati va tomonlarning siyosiy irodasiga bog‘liq. Ziddiyat cho‘zilishi tufayli esa har ikki tomon sezilarli iqtisodiy, ijtimoiy yo‘qotishga uchramoqda. Tabiiyki, diplomatik yechim eng maqbul va barqaror yo‘ldek ko‘rinyapti.

Hozircha mojaro yaqin kelajakda to‘liq barham topishiga oid aniq belgilar kuzatilmayapti. Xalqaro hamjamiyat tinchlikka erishish yo‘lidagi sa’y-harakatni davom ettirmoqda. Sharqiy Yevropada barqarorlikni tiklash esa nafaqat Moskva va Kiyev, balki butun xalqaro tizim uchun dolzarb vazifa bo‘lib qolmoqda.

Fardona Yaxshiboyeva, O‘zA