Rossiya – Ukraina nizosi: neft sanoatiga hujumlar va moliyaviy yo‘qotishlar
Ukraina Qurolli kuchlarining RF neftni qayta ishlash zavodlariga uyushtirayotgan dron hujumlari natijasida rus neft sanoati 11 milliard dollardan ortiq yo‘qotishga uchragan, deb yozmoqda “Bloomberg” nashri.
“Mains” sug‘urta kompaniyasi bosh direktori o‘rinbosari Yevgeniy Borovikovning ma’lum qilishicha, dronlar orqali amalga oshirilgan hujumlar sabab neft va gaz sohasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri moliyaviy yo‘qotishlar 100 milliard rubldan oshgan.

Uning ta’kidlashicha, yo‘qotilgan daromadlar va zararlar hisobga olinganda, umumiy yo‘qotish hajmi qariyb 1 trillion rublni tashkil etadi. Bu esa AQSH dollar hisobida 11,1 milliarddan ortiq mablag‘ga teng.
Tahlillarga ko‘ra, 2025 yil davomida Ukraina tomonidan Rossiya neft infratuzilmasiga kamida 184 marta hujum uyushtirilgan. Ushbu hujumlar neftni qayta ishlash zavodlari, dengiz infratuzilmasi, neft tashuvchi tankerlar hamda quvur liniyalarini qamrab olgan.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA