Mart oyi birinchi o‘n kunligi Rossiya – Ukraina mojarosida bir necha o‘zaro bog‘liq jarayonni namoyon qildi. Bir tomondan, diplomatik aloqa uzilmadi, ammo muzokara vaqti surildi. Ikkinchi tomondan, gumanitar kanallar ishlashda davom etdi va asirlar almashinuvi amalga oshirildi.
Shu bilan birga Rossiya tomoni infratuzilmaga zarbani kuchaytirdi, Ukraina esa Sharqiy frontda mudofaani mustahkamlashga harakat qildi. Hafta oxiriga kelib, keng ko‘lamli havo hujumi mojaroning asosiy tendensiyasiga aylandi.
Front geografiyasi
Oy boshidagi ma’lumotga ko‘ra, urushning asosiy og‘irligi Donetsk va viloyatga tutash sharqiy frontda saqlanib qolmoqda. “Reuters” xabar berishicha, Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy 6-mart kuni Drujkovka va Konstantinovka atrofidagi frontga tashrif buyurgan. Bu hududlar Slavyansk va Kramatorskni himoya qilish uchun muhim hisoblanadi.
Yetakchining rasmiy sayti ham sharqiy frontda bir necha brigada pozitsiyasida qo‘mondonlik yig‘ilishi o‘tkazilganini yozdi. Xalqaro tahlil markazi ISW ma’lumotiga ko‘ra, RF qo‘shini ayrim joylarda qisman hududiy yutuqqa erishgan. Front chizig‘ida sezilarli siljish kuzatilmayotgan sharoitda Moskva tomoni orqa logistika va infratuzilmaga bosimni kuchaytirmoqda.
Qayd etilishicha, 4-mart kuni Rossiya dron hujumi natijasida Ukraina janubidagi temir yo‘l infratuzilmasi zarar ko‘rgan. Mikolayevda yo‘lovchi poyezdiga drondan zarba berilgan, Odessa viloyatida esa vokzal binosiga raketa tushgan. Mamlakat temir yo‘l kompaniyasi mart oyi boshigacha temir yo‘l tizimiga 18-marta hujum uyushtirilib, 40 dan ziyod infratuzilma ob’ektiga zarar yetkazilganiga urg‘u berdi. Bu holat front orti ta’minot tizimini izdan chiqarishga qaratilgan strategiya sifatida baholanmoqda.
Oxirgi oylarda uchuvchisiz uchoqlardan keng foydalanish mojaroning eng muhim xususiyatlaridan biri sifatida ko‘rilyapti. Ma’lum qilinishicha, Ukraina Niderlandiya bilan birgalikda dron texnologiyalari ishlab chiqarish mavzusini muhokama qilgan. Zelenskiy mamlakati bu borada “noyob tajriba”ga egaligini ta’kidlagan.
“Al Jazeera” tahliliga ko‘ra, Rossiya Eronda ishlab chiqilgan dronlardan faol foydalanyapti va bu texnologiyalar urush sur’atiga jiddiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Tahlilchilar dron frontdagi zirhli texnika va logistika harakatini ham jiddiy cheklab qo‘yayotganiga e’tibor qaratishgan.
Keskin hujum va diplomatiya
7-mart kuni Rossiya Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli havo hujumini amalga oshirdi. Xarkov shahrida ballistik raketa turar joy binosiga urilishi oqibatida kamida 11 kishi halok bo‘lgan. Ular orasida ikki nafar bola ham bor. Ukraina havo kuchlari ma’lumotiga ko‘ra, hujum vaqti 453 dron, 19 raketa urib tushirilgan. Shunga qaramay, 22 manzil zarar ko‘rgan.
Ukraina va Rossiya 5-6-mart kunlari ikki bosqichda 500 nafar asirni almashdi. Xalqaro nashrlar bu voqeani urush sharoitidagi kam sonli amaliy natijalardan biri sifatida baholagan.
Xalqaro tahlilchilar Yaqin Sharqdagi keskinlik bu urushning ayrim jihatlariga ta’sir qilishi mumkinligini aytgan. Ekspertlar xulosasida Ukraina havo mudofaasi uchun muhim hisoblangan “Patriot” raketalari zaxirasi cheklangani Rossiyaga havo hujumini kuchaytirish imkonini berishi mumkinligi taxmin qilingan.
Bu holat urushning hozirgi bosqichida keng hududiy siljishdan ko‘ra, infratuzilmaga bosim, texnologiya va havo hujumi ustuvor ahamiyat kasb etayotganini ko‘rsatmoqda.
Dilshod Hakimov, O‘zA