English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Rossiya – Ukraina nizosi: bahorning ilk kunidagi holat
15:56 / 2026-03-01

Rossiya – Ukraina ziddiyatida oxirgi ikki kun keskin strategik o‘zgarish qayd etilmadi. Xorijiy nashrlarda diplomatik jarayon faollashgani, dronlar urushi front dinamikasiga kuchli ta’sir ko‘rsatayotgani asosiy mavzular bo‘ldi.

Frontdagi vaziyat

Front chizig‘ida jang davom etyapti. Xalqaro sharhlarda qayd etilishicha, RF qo‘shini hujum amaliyotini saqlab turibdi. Ayni payt urush maydonida o‘zi uchar uchoqlar hal qiluvchi omilga aylanayotgani ta’kidlanmoqda. “Reuters” zamonaviy FPV dronlari zirhli texnika harakatini ancha cheklayotgani haqida yozgan. Ba’zi hududlarda Rossiya tomonidan bir kunda yuzlab zarba berilgani haqida mahalliy rasmiylar ma’lumot bergan.

RF rasmiylari tinchlik muzokarasi davom etishi uchun Ukraina tomoni hududiy masalada yon berishga tayyor turishi kerakligini bildirmoqda.

Kreml Yaqin Sharqdagi vaziyat va Eron atrofidagi voqealarni tanqid qilib, bu nday sa’y-harakat global xavfsizlikka tahdidligini aytdi.

Ukraina rahbariyati tinchlik muzokarasining keyingi bosqichi xavfsizlik vaziyatiga bog‘liqligini qayd etgan. Kiyev tomoni fikricha, Rossiya nizo boshlangandan buyon Ukrainaga qarshi minglab “Shahed” rusumli drondan foydalangan. Darvoqe, RF AQSH taklif qilgan xavfsizlik kafolati rejasini muhokama qilishga tayyorligini bildirgan.

Xalqaro nashrlar va geosiyosiy nuqtai nazar

Xorij matbuoti Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi muzokara murakkab kechayotgani, hozircha biror kelishuvga erishilmaganiga e’tibor qaratyapti. Qolaversa, Yevropa davlatlari RFning gibrid harakati xavfi ortib borayotganidan ogohlantirmoqda. Masalan, Shvetsiya ruslarga tegishliligi taxmin qilingan dronni zararsizlantirgani xabar qilingan. Tahlilchilarga ko‘ra, so‘nggi ikki kunda urushning asosiy tendensiyasi ikki yo‘nalishda namoyon bo‘lmoqda. Birinchidan, frontda pozitsion kurash davom etyapti va dronlar hal qiluvchi ahamiyat kasb eta boshladi. Ikkinchidan, diplomatik harakat yana faollashdi. Rossiya hududiy talablarni ilgari surmoqda, Ukraina esa xavfsizlik kafolatini asosiy shart sifatida ko‘radi. Shu bois, yaqin haftalarda urush maydonida keskin burilish emas, balki muzokara atrofidagi siyosiy tortishuv kuchayishi ehtimoli yuqori, deya baholanmoqda.

Dilshod Hakimov, O‘zA