Rossiya UEFAda qolish uchun ovoz berdi
Kecha bo‘lib o‘tgan Rossiya Futbol ittifoqi kengaytirilgan yig‘ilishida delegatlar UEFAdan chiqish taklifiga qarshi ovoz berdi. Shu tariqa RFning Osiyo futbol konfederatsiyasiga qo‘shilish imkoni yo‘qqa chiqdi.
Yevropa futbol uyushmalari ittifoqini tark etish va OFKga qo‘shilish borasidagi bahs-munozara yakunida Ukraina bilan mojaro boshlangandan beri hukm surgan kayfiyat oxir-oqibat ustun keldi. Xalqaro olimpiya qo‘mitasi va boshqa qator xalqaro sport tashkilotlari tomonidan e’lon qilingan sanksiyaga qaramay, Rossiya futbol ittifoqi UEFAda qolishga qaror qildi.
– Biz Yevropa uchun kurashamiz, – deya ta’kidladi RFI vitse-prezidenti Axmed Aydamirov. – Futbolimiz Osiyoga o‘tmaydi. Bu qarorni barcha bir ovozdan qo‘llab-quvvatladi.
Eslatib o‘tamiz, 2022 yil fevraldan buyon sanksiya asosida Rossiyaga UEFA tizimidagi musobaqalarda qatnashish taqiqlangan.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA