RF Tolibon hukmronligini rasman tan olgan birinchi davlat bo‘ldi. Afg‘oniston tashqi ishlar vaziri Amir Xon Muttaqiy bu qarorni “mardlarcha qabul qilingan” deya ta’rifladi. Bu haqda BBC yozdi.
Kecha Rossiyaning Afg‘onistondagi elchisi Dmitriy Jirnov Muttaqiy bilan uchrashdi va unga tegishli bayonotni yetkazdi.
– Afg‘oniston Islom Amirligi hukumatini rasman tan olish to‘g‘risidagi akt mamlakatlarimiz o‘rtasidagi samarali ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirishga turtki bo‘ladi, deb ishonamiz, – deyilgan RF TIV hujjatida. – Rossiya energetika, transport, qishloq xo‘jaligi va infratuzilma sohalarida tijoriy va iqtisodiy hamkorlik imkoniyatlarini ko‘rib chiqadi, Kobulga terror va giyohvand moddalar savdosi bilan bog‘liq tahdidlarga qarshi kurashda yordamni davom ettiradi.
Muttaqiy ham o‘z navbatida bunday ijobiy munosabat o‘zaro hurmat va samarali hamkorlikning yangi bosqichi sifatida boshqa mamlakatlarga o‘rnak bo‘lishini ta’kidladi.
Tolibon 2021 yil avgustda hokimiyatga kelgandan buyon xalqaro miqyosda tan olinish, mamlakatga sarmoya kiritilishiga erishish yo‘lida intilmoqda. O‘sha yili Afg‘onistondagi elchixonasini yopmagan kam sonli davlatlardan biri bo‘lgan RF Kobul bilan muloqotni kengaytirish mintaqaviy xavfsizlik va iqtisodiy rivojlanish nuqtai nazaridan muhimligini bildirgan. Shuningdek, tomonlar 2022 yil imzolagan xalqaro iqtisodiy bitim asosida Afg‘onistonga neft, gaz va bug‘doy yetkazib berishga kelishib olgan. Rossiya TIV Kobul bilan “to‘liq sheriklik” o‘rnatishga yo‘l ochish niyatida joriy yil aprelda “Tolibon”ni terror tashkilotlari ro‘yxatidan chiqargan.
Musulmon Ziyo, O‘zA