Rossiya Tojikistonning yetakchi strategik hamkori va ittifoqchisidir
Kremlda Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning rasmiy tashrif bilan Moskvaga kelgan Tojikiston rahbari Emomali Rahmon bilan muzokaralari bo‘lib o‘tdi.
Kremlda Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning rasmiy tashrif bilan Moskvaga kelgan Tojikiston rahbari Emomali Rahmon bilan muzokaralari bo‘lib o‘tdi.
“Ikki tomonlama munosabatlarga oid muhim masalalar, siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda o‘zaro hamkorlikni rivojlantirishga oid chora-tadbirlar, mintaqaviy dolzarb muammolar muhokama qilindi”, deya xabar berdi RF prezidentining rasmiy sayti.
“O‘zaro munosabatlarni ta’riflashning hojati yo‘q. Bu ittifoqchilik munosabatlaridir, to‘la ma’noda bu so‘z strategik hamkorlikni anglatadi. Biz siyosiy muloqotni yo‘lga qo‘yganmiz, harbiy sohada – ODKB doirasida va ikki tomonlama asosida hamkorlik qilamiz. Iqtisodiy munosabatlar rivojlanmoqda”, – deya ta’kidladi Putin.
Emomali Rahmon Prezidentining ta’kidlashicha, Rossiya Tojikistonning yetakchi strategik hamkori va ittifoqchisidir. Rossiya Tojikiston bilan savdo-iqtisodiy hamkorlik masalasida yetakchi o‘rinlarda turadi. “Tomonlarning madaniy-gumanitar sohadagi hamkorligi yuqori bosqichlarda turibdi, xavfsizlik sohasidagi hamkorlik mustahkamlanmoqda”, deya qayd qildi Rahmon.
Muzokaralar yakunida 17 ta hujjat, jumladan hukumatlar o‘rtasida Dushanbe, Kulob, Xo‘jand, Boxtar va Tursunzoda shaharlarida rus tilida o‘qitiladigan umumta’lim muassasalarini qurish va ularning moddiy-texnik jihozlash, RF hududlarida vaqtincha mehnat faoliyatini olib boradigan Tojikiston fuqarolarini tanlashni uyushtirishga oid shartnoma imzolandi, deya xabar beradi Kreml sayti.
Oliy darajadagi Tojikiston-Rossiya muzokaralari yakunida matbuot uchun bayonot bergan Emomali Rahmon so‘ngi yillarda ishlash uchun Rossiya Federatsiyasiga yo‘l olgan tojik mehnat migrantlarining soni kamayib borayotganini ta’kidlab o‘tdi.
Rasmiy tashrif bilan Rossiyada bo‘lgan Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon Davlat Dumasi raisi Vyacheslav Volodin bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvi chog‘ida Rossiya va Tojikiston o‘rtasida respublika hududlarida beshta rus tilini o‘qitishga mo‘ljallangan maktab qurilishi borasida shartnoma imzolanishini ma’lum qilgan edi.
“Biz Rossiya tomonidan Tojikistonda rus tili o‘qitiladigan beshta umumta’lim maktabi qurilishi borasidagi qarorni qo‘llab-quvvatlaymiz”, – deya Rahmondan iqtibos keltiradi TASS. U shuningdek, loyiha yaqin vaqt ichida hayotga tatbiq etilishiga umid bildirdi.
Bundan avval Tojikistonda maktablar asosan Jahon banki mablag‘lari evaziga qurilardi. Shuningdek, Rossiya 12 yildan beri Tojikiston maktablariga yordam berib keladi. 2017 yilda mamlakatga, jumladan, 1-11 sinflar uchun 60 mingdan ortiq rus tilida darsliklar jo‘natildi. Bu vaqtda Tojikistonda (Dushanbe, Qo‘rg‘ontepa, Vaxsh va boshqa shaharlarda) rus tilida saboq beruvchi 31 ta maktab faoliyat yuritardi. Shuningdek, darsliklar o‘quvchilar rus tilini xorijiy til sifatida o‘rganadigan tojik maktablariga ham berildi. Rossiya Tojikistonga muntazam ravishda o‘qituvchilarni ham jo‘natib turadi. Tojikiston ularni turar-joy bilan ta’minlaydi, qolgan xarajatlarni, jumladan oylik maoshlarni Rossiya o‘z zimmasiga oladi – bir oyda o‘qituvchilarga 1000 dollardan ko‘proq maosh beradi.
Tojikiston rahbarining aytishicha, muhojirlik sohasida “e’tiborni talab etadigan” yana ochiq qolayotgan masalalar qolmoqda. Ular orasida, Emomali Rahmonning so‘zlariga ko‘ra, ro‘yxatga qo‘yish jarayonlarini soddalashtirish va ishga patent olish, mehnat muhojirlari oilalari a’zolarining huquqiy maqomini belgilash masalalari bor.
Tojikiston Prezidentining qayd etishicha, rasmiy Dushanbe tojik mehnat muhojirlari uchun amnistiyaning navbatdagi bosqichini o‘tkazishga umid qilmoqda. Bundan tashqari, Dushanbe Moskvadan muhojirlik ro‘yxatiga qo‘yish va o‘z fuqarolari uchun patent olish jarayonini soddalashtirishni so‘raydi.
Vladimir Putin Tojikiston Prezidentining turli sabablar bilan Rossiya Federatsiyasi hududlariga kirishi taqiqlangan Tojikistonning ayrim fuqarolariga nisbatan amnistiya e’lon qilish borasidagi taklifiga rozi bo‘ldi.
Tojikiston Prezidenti matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, RF Prezidenti Rossiya ichki ishlar vazirligi rahbariyatiga mazkur masalani hal qilish borasida zarur choralar ko‘rish uchun topshiriq berdi.
“Mamlakatimizda Rossiyaga kelgan tojikistonliklar, ularning oila a’zolari, yaqinlarining yashashi, mehnat qilishi, o‘qishi, o‘zlarini xavfsiz his qilishi uchun ko‘p ishlar qilinmoqda. Bu o‘ta muhimdir, chunki Rossiyada 1,2 million Tojikiston fuqarosi yashab, mehnat qilmoqda. Ularning Vataniga jo‘natayotgan pul o‘tkazmalari mamlakat iqtisodiyoti va oilalari uchun jiddiy yordamdir”, – dedi Vladimir Putin.
Uchrashuv avvalida Vladimir Putin bayonot berib rasmiy uchrashuvdan avval salkam bir soat Rahmon bilan “hamkorlikning ayrim yo‘nalishlarini muhokama qilganlik”larini ta’kidlab o‘tdi.
Ikki yil muqaddam Rossiyada ma’muriy huquqbuzarlik sodir etgan, tojikistonlik 122 ming mehnat muhojirlari avf etilgan edi. Tojikiston fuqarolari uchun amnistiya jarayoni 2017 yilning mart-aprel oylarida o‘tkazilgan. “Amnistiya davomiyligi atigi bir oyga cho‘zilgan va albatta, bunday qisqa muddatda mehnat muhojirlariga buni yetkazish va ularni xabardor qilish qiyin bo‘lgan, negaki, ularning ko‘pchiligi Rossiyaning uzoq mintaqalarida bo‘lgan… Bu katta sondagilarning kichik qismi qonuniylashib olgan, qolganlarga Rossiyaga kirish avval taqiqlangan rejim qayta ochilgan”, – deb xabar bergan edi jurnalistlar bilan uchrashuvlarning birida Tojikiston mehnat, migratsiya va aholi bandligi vaziri Sumangul Tog‘ayzoda.