Rossiya TIV rahbari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Moskvaga amaliy tashrifi doirasida Rossiya Federatsiyasi tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan uchrashdi.
Muloqot chog‘ida O‘zbekiston – Rossiya ko‘p qirrali hamkorligining ustuvor yo‘nalishlari, xalqaro va mintaqaviy muammolar bo‘yicha fikr almashildi.
Bo‘lib o‘tajak oliy va yuqori darajadagi uchrashuvlarning amaliy jihatlariga alohida e’tibor qaratildi.
O‘zbekiston Respublikasining Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligidagi raisligi natijalari hamda O‘zbekistonga Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi huzurida kuzatuvchi maqomi berilishi istiqboli muhokama qilindi. Boshqa xalqaro tashkilotlar doirasidagi hamkorlik masalalari ham kelishib olindi.