“Parij-2024” tashkiliy qo‘mitasi e’lon qilgan so‘nggi ma’lumotga ko‘ra, XXXIII yozgi Olimpiya o‘yinlarida 16 rossiyalik, 17 nafar belaruslik sportchi betaraf bayroq ostida qatnashish taklifini qabul qilgan.
Xalqaro olimpiya qo‘mitasi axborotida esa Rossiyadan 19 sportchi mazkur yirik sport anjumanida qatnashishi ko‘rsatilgan. Xususan, dzyudo, sport kurashlari, gimnastika, boks kabi sport turlari vakillari Rossiya bayrog‘isiz musobaqada ishtirok etmasligini bildirgan.
Mart oyida XOQ Parijga RFdan 36, Belarusdan 22 atlet kelishini bashorat qilgandi. Tokio Olimpiadasida 330 nafar rossiyalik va 104 belaruslik medallar uchun bahs olib borgan.
Rossiya va Belarus vakillari bu gal velosport, trampolin, taekvondo, og‘ir atletika, eshkak eshish bo‘yicha qatnashadi, biroq o‘yinlarning ochilish marosimiga qo‘yilmaydi.
Bundan tashqari Olimpiya o‘yinlari g‘olib va sovrindorlari safidan o‘rin olgan rossiyalik va belaruslik sportchilar natijasi umumiy medallar jadvaliga kiritilmaydi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA