Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Rossiya Qishloq xo‘jaligi vazirligi delegatsiyasi – Jizzaxda
12:02 / 2025-10-17

Rossiya Federatsiyasi Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Maksim Borovoy boshchiligidagi delegatsiya 16 oktyabr kuni Jizzax viloyatining Sharof Rashidov tumanidagi “BMB-NRC Agrologistics” qo‘shma korxonasiga tashrif buyurdi.

Delegatsiya tarkibida Rossiya Qishloq xo‘jaligi vazirligining O‘zbekistondagi vakili Aleksey Ulyanov hamda “Rosselxoznadzor” departamenti rahbari Vyacheslav Semyonov borligi Rossiya hukumati O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi sohasi bilan hamkorlikka jiddiy e’tibor qaratganini ko‘rsatadi.

Jizzax viloyati hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Zafar Ro‘ziyev, “VMV HOLDING” ta’sischisi Aziz Mamatqulov va bosh direktor o‘rinbosari Sardorbek Rozukulov ham Rossiyadan kelgan nufuzli mehmonlar bilan uchrashuvda ishtirok etishdi.

Tashrifning asosiy maqsadi zamonaviy agrologistika majmuasi faoliyati bilan yaqindan tanishish hamda O‘zbekiston va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasidagi eksport-import aloqalarini kengaytirish yo‘llarini muhokama qilishdan iborat bo‘ldi.

Delegatsiya a’zolari majmuaning qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini saralash, qayta ishlash, qadoqlash va saqlash jarayonlari, bojxona, bank va fitosanitar hujjatlarini “Yagona darcha” tamoyili asosida rasmiylashtirish, transport-logistika xizmatlari bilan yaqindan tanishishdi.

Qo‘shma korxona bosh direktori Aleksey Belous ham taqdimotda ishtirok etdi. Tashrif davomida tomonlar majmuaning ish faoliyatini jadallashtirish, eksport-import hajmini oshirish hamda savdo-iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash bo‘yicha taklif va tashabbuslarni muhokama qilishdi.

Natijada O‘zbekistondan Rossiyaga za’faron va qayta ishlangan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportini oshirish hamda “Rosselxoznadzor” laboratoriyasining faoliyatini takomillashtirish yuzasidan kelishuvlarga erishildi.

Ushbu muloqot Jizzax viloyatining iqtisodiy salohiyatini ko‘rsatish bilan birga Rossiya bilan ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash va savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish uchun muhim asos bo‘lib xizmat qiladi.

A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA