Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Rossiya-O‘zbekiston ikkinchi ta’lim forumi bo‘lib o‘tmoqda
11:08 / 2021-11-17

Ta’lim tizimida xalqaro hamkorlik masalalari muhim ahamiyat kasb etadi. Oliy ta’lim tizimini isloh qilish, takomillashtirish, ilg‘or tajribalarni o‘rganish va amaliyotga tatbiq etish maqsadida xalqaro tajribalar o‘rganiladi.

Joriy yil 16-17 noyabr’ kunlari M.V.Lomonosov nomidagi Moskva davlat universitetida Rossiya rektorlar Kengashining tashkiliy ko‘magida Rossiya-O‘zbekiston ikkinchi ta’lim forumi bo‘lib o‘tmoqda.

Forumda O‘zbekiston va Rossiyaning vazirlik va tashkilotlari rahbarlari, ikki davlatning Fanlar akademiyasi prezidentlari hamda yetakchi OTMlarining 100 dan ziyod rektorlari qatnashmoqda.

Forumning asosiy mavzulari sifatida kadrlar tayyorlash sohasida ikki davlat hamkorligining asosiy yo‘nalishlarini muhokama qilish, Rossiya va O‘zbekiston davlatlari o‘rtasidagi ilmiy hamkorlik, ikki tomonlama hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini hisobga olgan holda O‘zbekistonda rus tilini o‘qitish va targ‘ib etish hamda gumanitar loyihalarni amalga oshirish, ikki davlat ta’lim tizimlarini maktabgacha ta’lim va tarbiya darajasidan oliy ta’limgacha integratsiyalash tajribasi va istiqbollari kabi masalalar tanlab olingan.

Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti rektori, professor Inom Madjidov va Rossiya Rektorlar kengashi prezidenti, M.V.Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti rektori Viktor Sadovnichiy moderatorligida tashkil etilgan forum doirasida ikki davlatning oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida hamkorlik memorandumlari imzolanishi ko‘zda tutilgan.

Jumladan, O‘zbekiston Milliy universiteti va Oltoy davlat universiteti o‘rtasida ta’lim va ilmiy sohada hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan hamkorlik memorandumi imzolandi. 

Unga asosan ikki oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida talaba va professor-o‘qituvchilar almashinuvi, xalqaro ilmiy loiyihalarda ishtirok etish hamda hamkorlikda ilmiy va o‘quv nashrlarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan.

Fayzullo Yahyoyev, O‘zA