Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Rossiya Mudofaa vazirligi Markaziy arxividagi oʻzbek yigitining qahramonlik varaqasi ortidagi jasorat
12:28 / 2020-04-28

Ikkinchi jahon urushi barcha xalqlar kabi oʻzbek xalqining tarixida oʻchmas iz qoldirgan XX asrning eng yirik yoʻqotishi boʻldi.


Ikkinchi jahon urushi barcha xalqlar kabi oʻzbek xalqining tarixida oʻchmas iz qoldirgan XX asrning eng yirik yoʻqotishi boʻldi. Bu urushda ming minglab oʻzbekistonliklar front va front ortida mardlik va jasorat koʻrsatdilar. Ularning jasorati, mardligi va fidoiyligi tufayli fashizm ustidan gʻalaba qozonildi.

Mana shunday mard va jasur qahramonlardan biri – Ochil Qodirovdir.

U 1910-yil Samarqand viloyatining Qoʻshrabot tumani Sebiston qishlogʻida oddiy choʻpon oilasida dunyoga kelgan. Ota onasida erta yetim qolib, akasi Toʻlak Qodirov qoʻlida ulgʻaydi. Boshlangʻich maktabni tugatib, kolxozda aksi bilan ishlay boshlaydi.

1941-yil Samarqandning Mitan rayoni harbiy komissiaryati tomonidan urushga safarbar etiladi. Ochil Qodirov 1941-yildan 1944-yilgacha Janubiy-Markaziy 1-Belorussiya frontining 1348-oʻqchi polki, 399-oʻqchi Suvorov deviziyasida qoʻl pulemyotchi sifatida xizmat qildi. U dastlab 1941-1943-yillarda turi janglarda qatnashib, jang qilish sirlari va mahoratini oʻzlashtirib, oʻziga xos tajriba orttirdi. Uning asosiy qahramonliklari va jangovar jasoratlari 1944-yildan boshlandi.

Jumladan, 1944-yil 29-iyunda Belorussiyaning Mogilev viloyati Berezina daryosi boʻyida joylashgan Bobruysk shahri uchun boʻlgan jangda Ochil Qodirov birinchilardan boʻlib Berezina daryosidan oʻtib, bir guruh askarlar bilan dushman xandaqlariga otilib, ularga hujum qildi. Ushbu jangda u tezkor va jangovar jasorat koʻrsatib, 5 fashist askarini yakson qildi. Uning bu jasorati eʼtirof etilib, “Qizil yulduz” ordeni bilan taqdirlandi.

1944-yil 19-iyulda Polsha va Belorussiya chegarasida joylashgan Belastok viloyati, Volkovysk tumani Koltuvka qishlogʻi uchun jangda Ochil Qodirov birinchi boʻlib qishloqqa kiradi. Koʻcha jangida u 19 nafar fashist askar va ofitserni avtomatidan oʻqqa tutib, qishloqni egallashga hissa qoʻshadi, buning uchun u ikkinchi “Qizil Yulduz” ordeni bilan taqdirlangan.

1944-yil 26-avgustda Polshaning Ostruv-Mazoveska tumanidagi Stok qishlogʻida jangda oʻqchi pulemyotchi askar Ochil Qodirov rotaning chap qanotida piyodalarga hujum qilib, oʻz avtomatida oʻq uzdi. Ushbu jangda u 15 fashist askari va ofitserini yakson qildi va hujumni muvaffaqiyatli yakunlaydi. Shuning uchun u “Jasorat uchun” medali bilan taqdirlandi.

1944-yil 3-sentyabrda Polshaning Ostruv-Mazoveska okrugi hududidagi janglarda, Ochil Qodirov tank desanti tarkibida oʻz pulemyotida hujum qilib, fashist oʻqchi rotasining hujumini qaytardi.

Biroq dushman Guri qishlogʻi uchun jangda qarshi hujumga oʻtganda, Ochil Qodirov qishloqdagi gʻisht saroy ichiga pulemyotini oʻrnatdi va 100-150 metr masofada unga yaqinlashib qolgan dushmanning oʻziyurar toʻplarini oʻqqa tutadi. U avtomatidan yaxshi moʻljalga olib, dushman qoʻshinlarining 5 ta oʻziyurar toʻplarini oʻqqa tutib yoʻq qiladi hamda fashistlarni orqaga chekinishga majbur qildi. 1944-yil 28 sentabyar kuni nashr etilgan “Qizil Armiya” gazetasida u haqida “Bahodir pulemyotchi” nomli maqola chop etiladi. Unda Ochil Qodirov ushbu jangda shaxsan oʻzi 40 fashistni yoʻq qilganligi yozilgan. Shundan soʻng Ochil Qodirov ushbu jangda koʻrsatgan jasorati uchun 3 darajali “Shon-sharaf” ordeni va “Jasorati uchun” medali bilan taqdirlandi.

Soʻng uning boʻlinmasi turli aholi manzilgohlarini dushmanlardan tozalab faol ravishda shu yaqin oradan oqib oʻtuvchi daryo tomon boradi. Ular daryoning gʻarbiy tomoniga oʻtishlari kerak edi. Bu voqea 1944-yil 4-sentyabrda Polshaning Rujan shahridan 11 km uzoqlikda joylashgan Drozdovo qishlogʻi janubidagi Narev daryosidan oʻtib ketayotganda yuz berib, ular dushman qarshiligiga uchraydi. Shunda pulemyotchi askar Ochil Qodirov oʻz avtomati va zaxira oʻqlarini olib daryo boʻyida turgan qayiqqa ildamlik bilan oʻtiradi va narigi qirgʻoq tomon suza boshlaydi. Qirgʻoqqa yetmasdanoq dushman transheyalariga qarata oʻq uza boshlaydi. Buni kutmagan fashistlar unga qarata oʻq uza boshlaydi. Biroq chorasiz qolib chekinadilar. T. Joʻrayevning “Vatanning sodiq farzandlari” kitobida yozilishicha, ushbu jangda Ochil Qodirov ogʻir jarohatlanadi. Biroq otishni toʻxtatmaydi. Shu vaqtda Ochil Qodirovning ham safdoshlari daryodan oʻtib olib dushmanni yer tishlatadilar. Ushbu jangdan soʻng ogʻir yaralangan Ochil Qodirov frontdan ortga qaytariladi. Biroq uning jasorati besamar ketmaydi. 1944-yil 18-sentyabrida u xizmat qilayotgan 1348-oʻqchi polki komandiri mayor I.D. Korolyov tomonidan Sovet Ittifoqi qahramoni unvoniga tavsiya etiladi. Rossiya Federatsiyasi Mudofaa vazirligi Markaziy arxivida saqlanayotgan ushbu mukofotlash varaqasida uning jangovar jasorati asosnoma shaklida batafsil bayon qilinadi.

Afsuski, bu unvonni koʻrish Ochil Qodirovga nasib qilmaydi. Frontdan hali urush tugamasidan yaradorligi sababli qishlogʻiga qaytib kelgach, kasallikdan 1945-yil 13-mart kuni vafot etgan. U Samarqand viloyati, Qoʻshrabot tumanining Sebistan qishlogʻida dafn etilgan. Shundan soʻng uning vafotidan oʻn bir kun oʻtib, SSSR Oliy Kengashi Prezidiumining 1945-yil 24-martdagi farmoniga binoan nemis bosqinchilariga qarshi jangning frontida qoʻmondonlik missiyalarini namunali bajarganligi va ularga koʻrsatilgan jasorat va qahramonliklari uchun oʻqchi pulemyotchi oddiy askar Qodirov Ochil vafot etib, Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoniga sazovor boʻladi.

Keyinchalik Qoʻshrabot tumanidagi kolxoz va u yashagan qishloqdagi maktab Ochil Qodirov nomiga beriladi. Jamoa xoʻjalik markazida qahramonga yodgorlik byusti ham oʻrnatilgan. Unga atab bir qancha sheʼrlar, maqolalar va badihalar yozilgan. Xususan, qoʻshrabotlik marhum shoir Ravshan Fayz tomonidan “Olis olislarda yigʻlar Qoʻshrabot” nomli sheʼr, isteʼdodli jurnalist Quvondiq Siddiqov tomonidan shu nomda xotira-hikoya, tuman gazetasida bir necha maqolalar bosilgan.

1982-yil Qoʻshrabot tumani Sebiston qishlogʻidagi maktabning tarix fani oʻqituvchisi Qurol Muxtorov tomonidan kichik bir muzey ham tashkil etildi. Ochil Qodirov tugʻilgan uyda hozir uning akasining oʻgʻli Ortiq Tuyakov istiqomat qiladi va bu uy qariyb 200-yillik tarixga ega.

Taʼkidlash kerakki, Qoʻshrabot tumanidan koʻplab kishilar bu urushda ishtirok etib, gʻalabaga oʻz hissasini qoʻshishgan. “Xotira” kitobida ulardan 366 tasining nomi keltirilgan. Biroq ular orasida Ochil Qodirov Qahramon unvoniga sazovor boʻlgan yagona urush ishtirokchisidir.

Oybek Abdumoʻminov,
tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD),
OʻzR FA huzuridagi Oʻzbekistonning eng yangi tarixi markazi direktor oʻrinbosari